Chop etdi: Fayziyev | Ko'rildi: 817 marta
Tegishli bo'limi: Rasmiy tashriflar
Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalari Oliy Majlis Senatida bo‘lib, parlament faoliyati bilan tanishdi.
Jarayonda Senatning xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qadirxanova ular bilan yaqindan suhbat qurgan.
Uchrashuv universitetning Maktab menejmenti kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Undan maqsad ushbu yo‘nalishida kadrlar tayyorlashda Senat va ta'lim muassasasining o‘zaro hamkorligini rivojlantirishdir.
Uchrashuvda talabalarning parlament faoliyati haqida nazariy bilimlari mustahkamlandi. Suhbatlarda menejment ta'limining bevosita amaliyot bilan uyg‘unligini ta'minlashga e'tibor qaratildi.
Parlament a'zolari bilan muloqotda talabalarga Senat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari: yuqori palataning vakolatlari, senatorlar faoliyatining huquqiy asoslari, senatorlar huquq va majburiyatlari, parlament nazoratini olib borishning ayrim jihatlari to‘g‘risida tushuntirish berildi.
Uchrashuv doirasida jamoat joylarda qizlarni kamsitish, erta va majburiy nikohning oldini olish, an'anaviy oilaviy qadriyatlarni asrab avaylash va ularni yosh avlod tarbiyasiga singdirish masalalari yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Talaba-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, turmush sharoitlarini yaxshilash, mehnat kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikrlari tinglandi.
Talabalar parlament yuqori palatasi faoliyati bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollariga javob olishdi, Senat qo‘mitalari va devoni ish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi, shuningdek, Senat muzeyidagi eksponatlarni ko‘zdan kechirishdi.
Shubhasiz, uchrashuv parlament a'zolari va bo‘lajak maktab menejerlar o‘rtasidagi haqiqiy "muloqot maydoni"ga aylandi.