Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 402 marta
Tegishli bo'limi: Dolzarb yangiliklar
Chirchiq shahar faol va tashabbuskor ayollari, Toshkent viloyatida joylashgan oliy ta’lim muassasasalari olimalari va talaba-qizlari ishtirok etgan festivalda jamiyat rivojida ta’limning, ayniqsa, xotin-qizlarning ilm olishi ahamiyati, olimalarning sohadagi rolini oshirish masalalariga to‘xtaldi.
Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Chirchiq shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.
2022-2023 o‘quv yilida oliy ta’lim tizimida tahsil olayotgan talabalarning 50 foizini xotin-qizlar tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-2024 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 55 foizni tashkil etmoqda.
– Keyingi yillarda bizda 30 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar orasida ilmiy daraja olayotganlar soni ortyapti, – deydi Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Gulnora Norqo‘zieva. – Bugun Chirchiq davlat pedagogika universitetida xotin-qizlar orasida 20 nafarga yaqin fan doktori, 100 nafar fan nomzodi faoliyat olib boradi. Ta’lim olayotgan talabalarning 70 foizi xotin-qizlardir. Qizlarning oliy ta’lim tizimida tahsil olishga bo‘lgan ishtiyoqi davlat tomonidan berilayotgan qator imtiyozlar tufayli ortib borayotir.
Festivalda Chirchiq shahar hokimligi tomonidan bir guruh olimalarga faxriy yorliq topshirildi. Ta’lim tizimidagi yutuq va kamchiliklar, oiladagi muammolarning oldini olishda olimalarning yondashuvlari, qizlarning oliy ma’lumotli bo‘lishi farzandiga bilim berishi uchun ham ahamiyatli ekanligi qayta-qayta ta’kidlandi.