Chop etdi: Fayziyev | Ko'rildi: 406 marta
Tegishli bo'limi: Oliy ta'lim muassasi yangiliklari
Keyingi yillarda jamiyatimizda yuz berayotgan tub o‘zgarishlar, islohotlar, shubhasiz, jahon hamjamiyatida kuzatilayotgan globallashuv jarayonlari bilan bog‘liq ravishda kechmoqda. Globallashuv, ta’bir joiz bo‘lsa, bugungi kunda mamlakatlarni rivojlantirishning mohiyati va mazmuniga, strategiyasi va tamoyillariga, yondashuv va uslublariga birday ta’sirini o‘tkazayotgan kuch sifatida namoyon bo‘layotir.
Bugungi kunga kelib jamiyatda rivojlanishning kompleks xarakterda sodir bo‘lishi taraqqiyotning ijobiy jihatlari bilan birga, uning salbiy oqibatlarini ham yuzaga chiqarmoqdaki, bu insoniyat oldiga kutilmagan yangi muammolarni ko‘ndalang qo‘ymoqda.
Globallashuvning mohiyatini va xususiyatlarini ilmiy asosda o‘rganish unga moslashish, yo‘nalishlarini kerakli tarzda o‘zgartirish imkoniyatini yaratadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, globallashuv jarayonidan ijobiy va ijodiy foydalanishning usul va vositalarini, mexanizmlarni ilmiy asosda ishlab chiqarish bugungi kun ilm-fanining dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Albatta, bunday sharoitda ta’lim tizimida globallashuv jarayonlariga moslashuvchan, u bilan hisoblashadigan islohotlar muhim rol o‘ynaydi.
Mexanik yondashuv va uning oqibatlari
Milliy pedagogikamiz yaqin yillarga qadar o‘quvchilarga insoniyat tomonidan shu paytga qadar egallangan mavjud bilimlarni o‘rgatishni eng maqbul yo‘l sifatida qarab keldi. Ya’ni, mavjud bilimlar o‘quvchi ong va tafakkuriga tayyor holda singdiriladi. Bu jarayonda bilimlar adabiyotlarda tayyor holda mavjud bo‘ladi va buni o‘zlashtirish o‘quvchilar uchun ham, o‘qituvchilar uchun ham qanoatlanarli hisoblanadi. Ammo bu o‘quvchilarda masala va hodisalar mohiyatini anglashga nisbatan ijodiy yondashuvni nazarda tutmaydi, faqat mavjud bilimlarni yodlash, ularni amaliyotga joriy etish bu turdagi pedagogikaning bosh maqsadi sifatida qaraladi.
Bunday yondashuvda o‘quvchining qanchalik ko‘p bilimni yodda saqlaganiga qarab uning bilimi haqida xulosa chiqariladi. Bilim olish jarayoni ikki bosqichdan iboratligini, birinchi bosqich bilimlarni egallash, ikkinchi bosqich undan xulosalar chiqarish ekanligini hisobga olsak, bu usul tugallanmagan metodika sifatida o‘zini oqlamasligi oydinlashadi.
Pedagogikaga nisbatan mexanik yondashuv ta’lim tizimida avtoritar pedagogikaga yo‘l ochadi. Bizda uzoq yillar davomida pedagogikaning maqsad va muddaosi shunday bo‘lib keldi: o‘qituvchilar o‘quvchilarga o‘zlarining bilganlarinigina ro‘kach qilib, o‘quvchilarning undan nari yoki beriga o‘tishlari rag‘batlantirilmadi. Natijada, bir necha avlod o‘quvchilar yuqoridagi tumtoq metodika “sharofati” bilan adabiyotlarda mavjud bilimlarni esda saqlab qolish, ularni ko‘r-ko‘rona yodlash, boringki, olgan bilimlarini amaliyotda tatbiq etishdan nariga o‘ta olmadi. Dars mashg‘ulotlarida o‘quvchilar har bir fan, kerak bo‘lsa har bir mavzu borasida hodisa va mohiyatni, sabab va oqibatni anglashi, fan doirasida va fanlararo o‘zaro bog‘lanish, integratsiya, munosabat va muvozanatlarni tushunishi, taqqoslash va mantiqiy xulosalar chiqarish ko‘nikmasiga ega chiqishi lozim bo‘ladi. Bu esa dars mashg‘ulotining qay darajada jiddiy va o‘ziga xos ijodiy jarayon ekanligini ko‘rsatadi.
Avtoritar pedagogikaning mudhish oqibati o‘quvchilarda pedagogik jarayonda muhim bo‘lgan nostandart fikrlashga bo‘lgan rag‘batni yo‘qotadi. Nostandart fikrlash kishilarning odatiy tarziga nomuvofiq, g‘ayrioddiy fikrlashi, noodatiy usul va yo‘llar bilan xulosalar chiqarishi; vaziyatdan chiqishning hatto g‘ayritabiiy, ammo eng maqbul muqobillarini izlab topish, masalalar va hodisalarga nisbatan har doim ijodiy fikrlash orqali yondashish ko‘nikmasidir.
Pedagogik ta’limni isloh qilish yo‘lida
Milliy ta’lim tizimimizning mustaqillikdan keyingi faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilganining guvohi bo‘lamiz. Ayni paytda, aytishimiz joizki, kadrlar tayyorlash sohasida ta’lim turlari o‘rtasidagi aloqa va uzviylikning ta’minlanishida ayrim kamchiliklar ham kuzatildi. Bu pirovardida, maqsadni belgilashdagi tarqoqlikka va ta’lim sifatining pasayishiga sabab bo‘ldi. Kadrlar tayyorlash bo‘yicha davlat siyosatida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy o‘ziga xosligi va talab hamda ehtiyojning to‘liq hisobga olinmasligi, mehnat bozoridagi talab va taklifning chuqur o‘rganilmasligi natijasida kadrlarning hududlar kesimidagi taqsimotida muvozanatning buzilishi kuzatildi.
Toshkent viloyati mamlakatimizning iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanayotgan hududlaridan biri hisoblanadi. Hududda yirik ishlab chiqarish korxonalarining mavjudligi, xususiy sektorning nisbatan keng rivojlangani viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu yaxshi, ammo viloyatda ijtimoiy sohalar, xususan, ta’lim sohasi hududning iqtisodiy salohiyatiga muvofiq holda barqaror rivojlanyapti, deb ayta olmaymiz. Hozirgi kunda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimi malakali pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojining to‘la qondirilmaganligi, ta’lim turlari o‘rtasidagi uzluksizlik, uzviylik va integratsiyaning ta’minlanmaganligi, ta’limga nisbatan tizimli yondashuvning yetishmasligi bilan bog‘liq dolzarb muammolar mavjud. Ular keng qamrovli va ko‘pqirrali ijtimoiy masala. Va bu hududiy hokimliklar hamda ularning tasarrufidagi tegishli bo‘linmalarning ayni masala bo‘yicha tizimli ish olib borishi natijasida ijobiy yechimini topishi mumkin.
Hozirgi kunda Toshkent viloyati ta’lim tizimida shunday yangi mexanizm yaratilishi hayotiy zaruratga aylandiki, unda ta’lim turlari o‘rtasida o‘zaro nazorat ham, raqobat ham ta’minlanishi zarur. Chirchiq davlat pedagogika universiteti ana shu muammoning ilmiy-nazariy va amaliy echimini topishni o‘zining asosiy strategik tadqiqot yo‘nalishi sifatida belgilab olgan. Bu pedagogik ta’lim innovatsion klasterining ilmiy-nazariy asoslarini yaratishni va uni amaliyotga tatbiq etishning mexanizmlarini ishlab chiqishni taqazo qiladi. Ya’ni pedagogik ta’limning jamiyat barqaror rivojlanishidagi ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda zamonaviy talablar, tizimdagi muammolar va ularni hal qilishda fan va ta’lim bo‘g‘inlari o‘rtasidagi tarqoqlik bugungi kunda uzluksiz pedagogik ta’limni klaster rivojlanish modeliga o‘tkazish zaruratini kun tartibiga qo‘yayotir.
Pedagogik ta’lim klasteri bo‘yicha Toshkent viloyati tajribasi sifatida e’tirof etilayotgan keng ko‘lamli ilmiy-amaliy loyihaning pirovard maqsadi hududda maktabgacha va maktab ta’limi tizimining salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Birinchidan , pedagogik ta’lim innovatsion klasteri doirasida Chirchiq davlat pedagogika universiteti maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini ichdan o‘rganish, u yerdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida “Bog‘cha-laboratoriya” innovatsion tajriba maydonchalari faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ularda universitetning bir qator professor-o‘qituvchilari talabalar bilan birgalikda muayyan muammoning yechimiga qaratilgan ilmiy loyihalar ustida tadqiqotlar olib bormoqda. Hozirgi kunda xuddi shunday 2 ta “Bog‘cha-laboratoriya”da 3 ta loyiha tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda. “Bog‘cha-laboratoriya”larda universitetning ilmiy salohiyati va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachi-pedagoglarining tajribasini birlashtirish orqali natijaga erishish nazarda tutilgan.
Ikkinchidan, Chirchiq davlat pedagogika universiteti tomonidan innovatsion loyiha sifatida tashkil qilingan “Maktab-laboratoriya” tajriba maydonchalari pedagogik ta’lim innovatsion klasterining sub’yekti hisoblanadi. Bugungi kunda Toshkent viloyatida xuddi shunday 22 ta “Maktab-laboratoriya”lari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
“Maktab-laboratoriya” loyihasi milliy pedagogikamizda yangi tushuncha. Bu tushunchaning ilmiy iste’molga olib kirilishi Chirchiq davlat pedagogika universitetining faoliyati bilan bog‘liq. “Maktab-laboratoriya”lar pedagogik ta’lim innovatsion klasterining yadrosini tashkil qiladi va ilmiy-pedagogik va innovatsion loyihalarni yaratish hamda tajriba-sinovdan o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalarni bajaradi.
“Maktab-laboratoriya” innovatsion tajriba maydonchalarining maqsadi uzluksiz ta’lim jarayonida ta’lim turlari o‘rtasidagi ilmiy, uslubiy va ta’lim vositalarini rivojlantirish, pedagogik ta’lim innovatsion klasterini amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq ilmiy-pedagogik loyihalarni tajriba-sinovdan o‘tkazishdan iborat.
Kelajak o‘qituvchisi kontseptsiyasi
Dalillar ta’lim natijalariga ta’sir qiluvchi eng muhim jihat sifatli ta’lim ekanligini ko‘rsatadi. Hozirgi voqelik, umumbashariy rivojlanish tendentsiyalari insondan faqat berilgan topshiriqni ko‘r-ko‘rona bajarish emas, balki masalaga ijodiy yondashishni talab qiladi.
Shu ma’noda, universitetda ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, talabalarda kasbiy kompetentsiyalarni shakllantirish orqali ularning kelajakda zamon talablariga javob beradigan pedagog kadrlar bo‘lishini ta’minlash maqsadida Kelajak o‘qituvchisi kontseptsiyasi ishlab chiqildi. Kontseptsiya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’limga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari va asosiy printsiplari asosida yaratilgan bo‘lib, hozirgi murakkab globallashuv davrida tez o‘zgarayotgan zamon talablariga javob beradigan, raqobatbardosh, o‘z sohasiga yondosh bo‘lgan bir nechta kasb-hunarlarni puxta egallagan o‘qituvchilarni tayyorlash bilan bog‘liq dolzarb vazifalar va ularni hal etish yo‘llarini belgilab beradi. Unda kelajak o‘qituvchilarini tayyorlash masalasiga pedagog kadrlar tayyorlashga oid yaxlit ta’lim-tarbiya tizimining uzviy va ajralmas qismi sifatida yondashilib, mamlakatimiz hayotidagi real ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Zamonaviy talablarga javob beradigan, hayotiy va kasbiy kompetentsiyalarga ega, kreativ va nostandart fikrlash ko‘nikmalarini o‘zlashtirgan, dars mashg‘ulotiga ijodiy munosabatda yondashuvchi, sohaga doir ilg‘or xorijiy tajribalar bilan tanish bo‘lgan, real sharoit va vaziyatlarga tezlik bilan professional moslasha oladigan o‘qituvchi shaxsini tarbiyalash kontseptsiyaning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Shuningdek, kontseptsiyada kelajak o‘qituvchisining kasbiy kompetentsiyalari, uning shaxsini tarbiyalash tizimi va asosiy printsiplari, tarbiyalash usullari, jamiyatning ular oldiga qo‘yadigan asosiy talablar ilmiy asosda ishlab chiqilgan bo‘lib, oliygohda ta’lim va tarbiya jarayoni ushbu masalalarni amaliyotiga joriy etishga yo‘naltirilgan holda tashkil qilingan.
Davrga hamohang qadam
Ayonki, kreativ iqtisodiyot – kelajak avlod iqtisodiyoti. U innovatsiyalar, yangi g‘oyalar, kreativ mahsulotlarga asoslangan bo‘ladi.
Shu jihatdan, universitetda ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligiga erishish, talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, qo‘shimcha kasb-hunar o‘rgatish orqali ularning hayotiy vaziyat va sharoitlarga moslashuvchanligini oshirish maqsadida Tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va qo‘shimcha kasb-hunar o‘qitish markazi tashkil qilindi. Tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va qo‘shimcha kasb-hunar o‘rgatish talabalarning hayotiy vaziyat va sharoitlarga tez moslashuvchanligi ta’minlashga ko‘maklashuvchi va bu jarayonga ilmiy-amaliy, ilmiy-uslubiy hamda tajriba-innovatsion yondashuvchi voqelik hisoblanadi.
Markazning maqsadi talabalarga tadbirkorlik ko‘nikmalari va qo‘shimcha kasb-hunar o‘rgatish orqali ularning hayotiy vaziyat va sharoitlarga kasbiy moslashish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat. Xususan:
– talabalarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini ijtimoiy foydali mehnatga o‘rgatish orqali band qilish;
– talabalarga o‘z shaxsiy hayotlarida asqotadigan tadbirkorlik ko‘nikmalari va qo‘shimcha kasb-hunarlarni o‘rgatish;
– nazariya va amaliyot uyg‘unligi hamda birligiga erishish orqali ta’lim sifatini oshirish.
Ushbu markazda hozirgi kunda quyidagi yo‘nalishlarda o‘qitish ishlari tashkil qilingan: dasturiy ta’minot va informatsion texnologiyalar (kompyuter grafikasi, kompyuter dizayni, hisobchi (1C), muhandis-dasturchi); turizm xizmatlari (gidlik faoliyati); kichik kasb-hunar kurslari (tasviriy san’at va dizayn, tikuvchilik, duradgorlik, payvandchilik, trenerlik faoliyati); qishloq xo‘jaligi sohasi (tomchilatib sug‘orish texnologiyasi va ekspluatatsiyasi); maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim, uy xo‘jaligi xizmatlari (maktabga tayyorlash, uzaytirilgan ta’lim, enagalik va katta yoshdagilar parvarishi); go‘zallik industriyasi va oshpazlik (go‘zallik saloni xodimi, qandolatchilik, milliy va yevropa taomlari oshpazi).
Markaz bitiruvchilariga belgilangan namunadagi sertifikatlar beriladi va bu ularning kelajakda shu soha bilan professional darajada shug‘ullanish imkoniyatini beradi.
Davlatni taraqqiy ettiradigan kuch, bu – sifatli ta’lim, ilm-fandir. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ta’lim sifatini oshirish – yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir. Davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlab, ertangi avlodlar hayotini ham o‘ylab aytgan ushbu da’vatida bir maqsad mujassam: ta’limni, ilm-fanni taraqqiy ettirish orqali mamlakatni rivojlantirish, yurtni yanada obod va farovon qilish. Demak, bugun mamlakatimizda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi izchil mustahkamlanayotgani, ertaga jahon iqtisodiyotida qanday vaziyat yuz bermasin, el-yurtimiz, o‘z yo‘lida og‘ishmay, yuksak taraqqiyot va farovonlik sari sobitqadam ildamlashida mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ofurjon Muxamedov,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori,
O‘zbekiston fan arbobi.