Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 408 marta
Tegishli bo'limi: Oliy ta'lim muassasi yangiliklari
Bugun Chirchiq davlat pedagogika universitetida "Toshkent vohasi qadimgi va oʻrta asrlarda" mavzusidagi akademik Yahyo Gʻulomov nomidagi "Oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi" respublika ilmiy seminarining 79-umummilliy yigʻini ōz ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida tashkil etilgan seminar Toshkent vohasi mavzusiga bag‘ishlandi. Unda mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy tadqiqot markazlari va oliygohlarning akademiklari, fan doktorlari, tadqiqotchi va talabalar ishtirok etdi.
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 27-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mazkur ilmiy seminar mamlakatimiz hududlarida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinmoqda. Navbatdagi ilmiy seminarning 25 yilligi tantanalariga to‘g‘ri keldi.
Chirchiq davlat pedagogika universitetida tashkil etilgan ushbu anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va mezmon universitet nufuzli ilmiy muassasalar tadqiqotchilarining qiziqarli ma’ruzalari tinglandi.
O‘zbek davlatchiligi tarixida muhim o‘rin tutgan Toshkent vohasi va uning tarixi, Toshkent vohasi arxeologiyasi, ikki renessans davrida Toshkent vohasi olimlarining ilm-fan rivojidagi o‘rni, Toshkent Qo‘qon xonligining siyosiy va iqtisodiy markazlaridan biri bo‘lganligi, Toshkentning ma’muriy-hududiy tuzilishi bo‘yicha yangi manbalar va talqinlar, Toshkent viloyatining madaniyati va ma’naviyati xususida o‘zaro fikr almashildi.
– Mamlakatimizda o‘zbek davlatchiligi tarixini o‘rganishni mustaqillik yillarida boshladik, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Dilorom Alimova. – Bungacha bu ish imkonsiz edi. Toshkent vohasi arxeologik olimlar qazishmalari xulosasiga tayangan holda o‘tmishda O‘zbekiston davlatchiligining asosiy hududlaridan biri bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan.
– Anjuman tarix fani yo‘nalishida o‘rni beqiyos bo‘lib, shu sohadagi yagona seminar hisoblanadi. U butun mamlakatimiz hududlarida o‘tkaziladi, – deydi Chirchiq davlat pedagogika universiteti O‘zbekiston tarixi kafedrasi mudiri Shoira Jumayeva. – O‘tkazilgan seminarda Toshkent vohasidagi davlatchilik tarixi xususida yangi manbalarga ega bo‘ldik. Albatta, bu manbalar boy tariximiz bilan yanada yaqindan tanishishda muhim o‘rin tutadi.
Ilmiy seminar doirasida bo‘lib o‘tgan yalpi majlis yakunida “O‘zbek xalqi davlatchiligi tarixi” mavzusini yanada chuqur o‘rganib, tahlil qilish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ilmiy doira vakillarining Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalariga tarix fani dolzarb masalalari yuzasidan master klasslar tashkil etishiga kelishib olindi.