Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 225 marta
Tegishli bo'limi: Oliy ta'lim muassasi yangiliklari
22-yanvar kuni ChDPUga Janubiy Koreyalik professor - Andong universitetining Sanoat va akademik loyihalar departamenti rahbari Woong-Kyu Lee boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif avvalida Andong universiteti delegatsiyasi Chirchiq davlat pedagogika universiteti rasmiylari bilan uchrashdilar. Muloqotlar davomida tomonlar hamkorlikning maqsadi va undan kutilayotgan natijalari yuzasidan fikrlashdi.
“Hamkorlikda markaz tashkil etishni niyat qilganmiz. Markaz qator yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi. Birinchi yo‘nalish talabalarning ilmiy tadqiqot ishlarini hamkorlikda tashkil etishdan iborat. Ikkinchi yo‘nalish turizm sohasida kadrlar tayyorlashda talabalar mobilligi, o‘quv va fan dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni o‘z ichiga oladi”, — dedi xorijlik professor.
Koreyalik talabalar uchun Chirchiq davlat pedagogika universiteti bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi. Ikki universitet talabalarining muloqotlari bo‘lib o‘tdi.
“Koreya talabalaridan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan eng muhim xususiyat — mehnatkashlik. Koreyalik talabalar o‘zining ustida juda ko‘p ishlaydi. Qo‘yilgan masalaga o‘ta mas’uliyat bilan qaraydi. Ular juda ko‘p kitob o‘qiydi. O‘zbek talabalari auditoriyalarda 4-6 soat o‘qisa, undan keyin 3-4 soat dars qilishi mumkin. Lekin bu kam. Yana ikki karra ko‘proq o‘qish kerak. Ya’ni auditoriyada 4-6 soat o‘qisa, uyiga borib yana 6-8 soat o‘qishi kerak. Ana shundagina talaba o‘z oldiga qo‘ygan natijalarga erisha oladi, kelajakda mustaqil fikrlay oladigan inson bo‘lib yetishadi”, — dedi muloqotlarda ishtirok etgan ChDPU talabasi Aziza Zohidova.