Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 372 marta
Tegishli bo'limi: Yangiliklar
Inson qadri, insonni eʼzozlash – eʼtiborimizdagi eng asosiy masala bo‘lgan, binobarin, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilangan Yangi O‘zbekistonda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini bilish barchamiz uchun birdek ehtiyojga aylangan masaladir.
Shu maʼnoda 2023-yil 2-noyabr kuni Chirchiq davlat pedagogika universiteti tashabbusi doirasida O‘zFA Davlat va huquq instituti, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT Toshkent viloyati bo‘linmasi bilan hamkorlikda “Shaxsiy huquqlarni Konstitutsiyaviy va fuqarolik-huquqiy himoya qilish: voqelik va istiqbollar” mavzusida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuv shaklidagi seminarda ayni shu jihatlarga urg‘u berildi.
Tadbir doirasida Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor M.X.Baratov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ayrim normalarining mazmun-mohiyati, mamlakatimiz Prezidentining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ahamiyati va amalga oshirish jarayonlarini yoritib berdi.
Shaxsiy huquqlarning shaxsdan ajralmasligi, insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi taʼkidlandi.
Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi tushuntirildi.
Savol-javoblar shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la mos kelishi qayd etildi.