Chop etdi: Fayziyev | Ko'rildi: 219 marta
Tegishli bo'limi: Madaniy va ma'rifiy tadbirlar
Chirchiq davlat pedagogika universitetida “Kitobxonlik oiladan boshlanadi” shiori ostidagi “Kitobxon onadan – kitobxon bolaga” nomli loyihaga start berildi.
Universitet Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi, rektor maslahatchisi Gulnora Norqo‘ziyeva hamda Axborot-resurs markazi xodimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan loyiha oilalarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, oliy ta’lim muassasalari, mahalla va oilalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, farzand tarbiyasi va kamolotida muhim ahamiyat kasb etgan badiiy va ilmiy adabiyotlarni targ‘ib qilish maqsadiga qaratilgan.
Tadbirning ilk qadami Chirchiq shahar markazi mahallalaridagi kitobxon oilalar universitetga taklif etildi. Kitobxon oilalar ishtirokida ma’rifiy tanlov va davra suhbatlari o‘tkazildi. Kutubxonachilar, talabalar, mahalla faollari, kitobxon oila a’zolari o‘zlari mutoalaa qilgan kitoblari bo'yicha maroq bilan suhbatlashdilar va kutubxonadan o'zlarini qiziqtirgan kitoblar haqida ma'lumotlar oldilar.
E’tiborli tomoni, oilalarning har bir a’zosi kitob bilan do‘stlashib ulgurgan, xonadonlarda kichkina bo‘lsada kutubxonalar tashkil etilgan. Shunga qaramay, bundan-da ko‘proq bilim va ko‘nikma olish istagi bilan oila a’zolarining har biri universitet kutubxonasiga a’zo bo‘ldi. Bolajonlarda mavjud qiziqish ularga berilgan sovg‘alar orqali yanada ortdi.
Samimiy suhbat davomida loyiha tashkilotchilari hamda ishtirokchilar o‘zaro fikr almashdi, nuroniylarning kitob inson hayotini nurafshon etuvchi eng yaxshi hamroh ekani xususidagi mulohazalari tinglandi. Faxriy kitobxonlar boshlangan ushbu ish xayrli davom etishi uchun duo qildi.
Tadbir yakunida kitobxon oilalarga loyihaning maxsus belgisi topshirildi.