Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 349 marta
Tegishli bo'limi: Yangiliklar
Mamlakatimiz ta’lim va ilm-fan sohasining hozirgi qiyofasini bundan 6-7 yil oldingisi bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Oradagi farq, o‘zgarish va imkoniyatlar nihoyatda katta. Garchi yurtimizda uzluksiz ta’lim tizimi avvaldan mavjud bo‘lsa-da, sohaga haqiqiy ma’nodagi e’tibor, yangicha yondashuvlar, moliyaviy ko‘mak oxirgi yillarda, ayniqsa, keskin oshdi. Bugun buyuk allomalarni yetishtirgan bu zaminda ta’lim-tarbiya, ilm-fanni rivojlantirish eng muhim maqsadlardan biriga aylandi, bu boradagi islohotlar aniq harakatlar, huquqiy asoslarda namoyon bo‘lmoqda. Davlat dasturida ham ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
Jabbor O‘SAROV, pedagogika fanlari doktori, professor
Talabaning shaxsiy salohiyatini yuzaga chiqaradi.
Ilm-fan bir joyda qotib turmay, doimiy yangilanishlarni taqozo etadi. Masalan, bir vaqtlar taʼlimda umumiylik, barcha oʻquvchilarni bir xil, oʻzgarmas dasturlar asosida oʻqitish shakli keng qoʻllanilgan boʻlsa, bugunga kelib aksariyat davlatlarda individual taʼlimga faol oʻtilgan. Bu uzluksiz taʼlimning har bir bosqichida tatbiq etilyapti. Yaʼni taʼlimning maktabgacha, maktab, oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi bosqichlarida individuallikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu zamonaviy tilda taʼlim trayektoriyasi deb ham yuritiladi.
Taʼlim faoliyatini individuallashtirishning eng istiqbolli modellaridan biri bu — taʼlim trayektoriyasi hisoblanadi. Boshqa taʼlim bosqichlari singari oliy taʼlimda ham bu usulning ahamiyati tobora ortmoqda. Gap shundaki, taʼlim trayektoriyasi har bir talabaning taʼlimda shaxsiy salohiyatini roʻyobga chiqarishning individual shakli boʻlib, taʼlim jarayoni davomida yigit-qizlarning tashkiliy, ijodiy va boshqa shaxsiy qobiliyatlari aniqlanadi hamda shunga mos ravishda yoʻnaltiriladi. Yaʼni har bir talaba bilan uning qiziqishlari, kasbiy istaklari asosida individual ishlanadi.
Trayektoriya soʻzining oʻzi haqida gap ketganda esa koʻpchilik fizik tushuncha — jismlarning harakati davomida qoldirgan izini tasavvur qiladi. Biroq biz soʻz yuritayotgan trayektoriya jismlarning emas, aynan talabalarning kelajak kasbiy faoliyatini belgilaydigan taʼlimdagi trayektoriyasi, yaʼni ularning sifatli taʼlim strategiyasini nazarda tutadi.
Individual taʼlim trayektoriyasi boʻyicha mashgʻulotlarni tashkil etish maxsus metodologiya va texnologiyani talab qiladi. Zamonaviy didaktikada bu muammoni hal qilish uchun odatda ikkita qarama-qarshi usul taklif etiladi, ularning har biri individual yondashuv deb ataladi.
Birinchi usul — tabaqalashtirilgan taʼlim boʻlib, unga koʻra, har bir talabaga individual yondashish, u oʻrganayotgan materialni murakkablik, diqqat-eʼtibor darajasiga qarab farqlash taklif etiladi. Buning uchun talabalar odatda guruhlarga yoki darajalarga boʻlinadi.
Ikkinchi usul talaba oʻzi oʻrganadigan taʼlim sohasiga nisbatan oʻz taʼlim yoʻlini tanlashini nazarda tutadi. Boshqacha aytganda, har bir talabaga barcha oʻquv fanlarini oʻzlashtirish uchun oʻz taʼlim trayektoriyasini yaratish imkoniyati beriladi. Biroq bu usul mamlakatimiz taʼlim muassasalarida kamdan-kam uchraydi. Chunki u tashqaridan qoʻyilgan umumiy maqsadlar fonida talabalarning nafaqat individual harakati, balki har birining turli xil taʼlim modellarini oʻziga xos tarzda va shaxsiy salohiyati bilan bogʻliq holda bir vaqtning oʻzida ishlab chiqish hamda amalga oshirishni talab qiladi.
Shu bois, yurtimizda birinchi usul — individual taʼlim keng tarqalib, uni amalga oshirishda zamonaviy yondashuvlar ommalashib boryapti. Uning oʻziga xos tomoni, talaba taʼlim jarayoni, grafik holati kabilarni individual tanlab, mavzuni oʻzlashtirishda bosqichma-bosqich toʻliq mustaqillikka oʻtib boradi. Oʻqituvchi esa bu jarayonda talabaga maslahatchi sifatida qatnashib, uni yoʻnaltirib turadi. Talabaga shaxsiy manfaatlari, oʻquv faoliyatining xususiyatlari, taʼlim olish usullari, oʻquv materialini oʻzlashtirish, oʻquv faoliyati turlarini hisobga olgan holda tanlash imkoniyati beriladi. Individual taʼlim trayektoriyasini tuzishda eng muhimi ham shu, avvalo, talabaning imkoniyati, qobiliyati, istiqbollari, natijaga erishish uchun bajarmoqchi boʻlgan saʼy-harakatlarini baholashdan iborat. Ammo individual taʼlim har bir talaba bilan yakka holda ishlashni nazarda tutmaydi. Bu usul har bir talabada mustaqil ishlay olish koʻnikmasini shakllantirish bilan bogʻliq. Bunda talaba oʻz individual fazilati va qobiliyatiga asoslanib, oʻzining taʼlim trayektoriyasini quradi. Taʼlim jarayoni davomida “oʻzlashtirish xaritalari”ning turlari va imkoniyatini oʻrganadi, ularga doska bilan ishlashning turli texnikalari namoyish etiladi, dars va mashgʻulotlarda ishtirokchilarning faolligini oshirish va jarayonga diqqatini jamlash uchun qoʻllanilishi lozim boʻlgan akademik yoʻnaltirilgan harakatli topshiriqlar toʻplami beriladi
Umuman, taʼlimning individual trayektoriyasi talabaning taʼlimdagi shaxsiy salohiyatini roʻyobga chiqaradi. Bu bilan ularning bir necha huquq va imkoniyatlari ham taʼminlanadi. Masalan, har bir oʻquv fanida individual maʼno va maqsadlarni tanlash yoki aniqlash, asosiy tushuncha,toifalarni shaxsiy talqin qilish va tushunish, individual taʼlim dasturlarini tuzish, oʻz faoliyatini nazorat qilish, aks ettirish va oʻz-oʻzini baholash usullarini tanlash huquqi beriladi. Oʻrganiladigan fanlar, ijodiy laboratoriyalar va asosiy oʻquv rejasiga muvofiq boʻlgan darslarning boshqa turlarini individual tanlash huquqi ham shular jumlasidan.
Nazariya va amaliyotni birlashtiradi
Individual taʼlim trayektoriyasining yana bir afzalligi bor. Bu talabalarning nafaqat taʼlim jarayoni, balki darsdan tashqari izlanishi, ijodiy ishlari, boʻsh vaqtini unumli tashkil etishida ham birgalikda ish olib borishdir. Buning uchun, avvalo, yigit-qizlarning pedagogik-psixologik portretini aniqlash va shu asosda ularning taʼlim trayektoriyasini belgilash kerak boʻladi.
Mazkur yoʻnalishda bir qancha pedagogik qarashlar, yondashuvlar mavjud. Chirchiq davlat pedagogika universiteti misolida oladigan boʻlsak, oliy oʻquv yurtida pedagogik taʼlim innovatsion klasterining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri boʻldi. Ana shu taʼlimdagi klaster asosida tashkil etilib, faoliyat yuritayotgan “Pedagogik alyans maydonchasi” esa talabalarning ilmiy va amaliy faoliyatni uygʻunlashtirishiga keng sharoit yaratmoqda.
Pedagogik alyans klaster subyektlari boʻlgan taʼlim oluvchi, taʼlimni kelajak kasbiy faoliyatiga mos holda taqdim etuvchilar hamda oʻrganish maydonchalari (bogʻcha, maktab, OTM, mahalla, oila) oʻrtasidagi manfaatli hamkorlikni taʼminlovchi maydonchadir. Unda har bir talaba oʻz qiziqishlaridan kelib chiqib, individual faoliyat bilan shugʻullanish uchun aniq yoʻnalish, yoʻllanma oladi.
Alyansning maqsadi pedagogik taʼlim klasteri boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni sxematik tarzda aks ettirish orqali talabalarni bu jarayonga maqsadli yoʻnaltirishdan iborat. Unda maqsad umumiy boʻlsa-da, manfaatlar xususiylashadi. Bu yerda talabalar taʼlim jarayonida olgan nazariy bilimini amaliyotda qoʻllash hamda bu borada erishilgan natijalar bilan tanishish imkoniyatiga ega. Kimdir alyansdagi ilmiy tadqiqotlarda faol ishtirok etsa, kimdir amaliy ish faoliyatiga kirishadi, boshqasi oʻzining kelajakdagi faoliyat trayektoriyasini belgilab oladi. Buning uchun sharoit ham, takliflar ham mavjud. Talaba esa ulardan birini individual tarzda tanlaydi.
Bugungi kunda “Pedagogik alyans maydonchasi”da qator loyihalar amalga oshirilmoqda. “Ochiq osmon ostidagi maktab” ijtimoiy-mobil kompleks xizmat loyihasi, “SMART sensorika” mohir qoʻllar loyihasi, “Bir safda” koʻngillilar (volontyorlar) harakati kabilar shular jumlasidan. Bundan tashqari, maktab laboratoriya, inklyuziv taʼlim, bandlik, aralash taʼlim, ilmiy klaster kabi pedagogik taʼlim klasterining pedagogik-psixologik asoslarini ochib berishga qaratilgan qator loyihalar amaliyotga tatbiq etilib, ularda bevosita talabalar, maktab oʻquvchilari ham ishtirok etmoqda. Masalan, bandlik komponentida talabalar ham taʼlim olib, ham kasbiy faoliyatni amalga oshiradi. Mobillik komponentida esa taʼlimning barcha bosqichida bolalarning moslashuvi boʻyicha tadqiqotlar oʻtkaziladi. Olingan ilmiy tahlillar asosida amaliy mexanizmlar ishlab chiqiladi. Talabalar ularda qatnashib, har bir mexanizmni oʻrganadi, shaxsiy xulosalari asosida olgan koʻnikmalarini esa amaliyotda yoki ish olib borayotgan tashkilotida qoʻllaydi.
Pedagogik alyansning yana bir muhim jihati shundaki, bu yerda olib borilgan har bir ishning QR-kodli taqdimoti mavjud. Shu kod orqali talabalar kerakli maʼlumotlarni yuklab olib, faoliyatida foydalanishi mumkin. Qolaversa, universitet talabalari bandlikka koʻmaklashishga qaratilgan turli taqdimot va loyihalarda ishtirok etib, oʻqish jarayonining oʻzidayoq munosib ish topish imkoniyatiga ega.
Individual taʼlim haqida gap borganida, imkoniyati cheklangan talabalarni eʼtibordan chetda qoldirish mumkin emas. Boisi, mamlakatimizda har bir inson munosib taʼlim olish huquqiga ega ekani Konstitutsiyamiz bilan belgilab qoʻyilgan. Qolaversa, oxirgi yillarda inklyuziv taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor oshgani inson omili bosh mezonga aylangan mamlakatimizda katta islohotlardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Imkoniyat cheklangani taʼlim olishga, ilm qilishga toʻsiq boʻlmasligi kerak. Bu borada zamonaviy yondashuvlar keng qoʻllanilayotgani boisi ham shunda. Universitet pedagogik alyansida ham imkoniyati cheklangan talabalar uchun “Chegarasiz imkoniyatlar” kasbiy akademik faoliyat amaliyoti, “Bugundan pedagog” metodik, “Bilish diagnostikasi” psixologik, “Kasb tanlash mobilligi” reformatik loyihalari mavjud. Ushbu loyihalarning maqsadi imkoniyati cheklangan farzandi bor oilalarga tezkor kompleks taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, koʻngilli talabalarni metodik xizmatga jalb etish orqali uy taʼlimini samarali tashkil etishga koʻmaklashishdan iborat. Bu nogironligi boʻlgan talabalarga pedagogik faoliyat toʻsiqlarini bartaraf etish modellarini oʻzlashtirishga koʻmaklashadi.
Hozirgi kunda individual taʼlim malakali kadrlar tayyorlash, mustaqil shaxslarni tarbiyalashning eng zamonaviy va samarali usullaridan biri sanaladi. Pedagogik taʼlim trayektoriyasi talabaga nafaqat individual oʻqish, balki darsdan tashqari izlanish, ijodiy ishlarni rivojlantirish, boʻsh vaqtini unumli tashkil etishga sharoit yaratadi. Shu jihatdan individual taʼlim trayektoriyasini shakllantirish bugungi kunning muhim talabidir.