Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 399 marta
Tegishli bo'limi: Yig'ilishlar
Bugun Chirchiq davlat pedagogika universitetida talabalar diniy soha vakillari bilan uchrashishdi hamda yoshlarning qalbi va ongini egallashga intilayotgan axborot xurujlari muhokama qilindi.
Imoni butun, ruhi pok, irodasi baquvvat, vijdoni uyg‘oq odamni aslo yengib bo‘lmaydi. Ana shunday fazilatlarga ega butun bir xalqning qudratini tasavvur etish qiyinmas. Bugun bizni turli axborot vositalari, xususan, internet saytlarining xavfi, “ommaviy madaniyat”ning salbiy oqibatlari ko‘proq tashvishga solmoqda. Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan tadbirda yuqoridagi masalalar yuzasidan kengroq fikrlashildi.
— Globallashuv asrida yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun mislsiz kurash bormoqda. Bu kurash, ayniqsa, axborot sohasida avj pallasiga chiqqan. Chunki ayni paytda ushbu soha kirib bormagan dunyoning biror-bir nuqtasi yoki manzilini topish mushkul. Lekin barcha axborotni foydali va xolis deb bo‘lmaydi, — dedi universitet rektori maslahatchisi Hoshimjon Mansurov.
Tadbirda ishtirok etgan Chirchiq shahar bosh imom xatibi Shavkat domla Aliboyev Islom dini haqida fir yuritar ekan: "Islom insonni ruhiy, jismoniy poklanish yo‘li bilan kamolatga etaklab, muntazam ravishda ijtimoiy faollikka, ma’rifatli bo‘lishga da’vat etadi" - dedi.
Terrorizm diniy va insoniy me’yorlar, umuminsoniy qadriyatlar va axloqiy fazilatlarga zid bo‘lgani uchun eng og‘ir jinoyat hisoblanadi. Terrorizmning har qanday ko‘rinishi, u o‘z oldiga qanday maqsadni qo‘ygan bo‘lmasin va qanday ijtimoiy-siyosiy muammolar bilan bog‘liq bo‘lmasin buzg‘unchilik hisoblanadi. Terrorchilik oqibatida begunoh odamlar qurbon bo‘ladi, xalqning mehnati bilan yaratilgan moddiy va ma’naviy boyliklar vayron qilinadi. Terrorizm tom ma’noda jaholatdir. U har qanday ko‘rinishi kishilik jamiyatining o‘tmishida ham, bugunida ham butun xalqlar boshiga og‘ir kulfatlar yog‘dirmoqda.
— Dunyo miqyosida ko‘plab shafqatsizliklar sodir etilayotgan, din niqobi ostida buzg‘unchiliklar avj olayotgan bir davrda yashayapmiz. Yoshlarimiz hayotini ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur etolmay qolgani kishini mushohadaga chorlaydi, sergak torttiradi, — dedi yoshlar bilan ishlash ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Nodir Norov. — Ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rganish va o‘z navbatida, farzandlarimizni bu ulug‘vor ne’matdan bahramand qilish – ularni bugungi kunda birmuncha taraqqiy etib borayotgan turli zararli oqimlardan asrab qolishda muhim tarbiyaviy qurol bo‘lib xizmat qiladi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tdi. Unda talabalar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari tomonidan tinglandi.