Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 310 marta
Tegishli bo'limi: Yangiliklar
Kuni kecha Prezidentimiz
raisligida maktablarda taʼlim
sifatini oshirish, oʻquvchi oʻrnini
koʻpaytirish va oʻqituvchilarni
qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan
ustuvor vazifalarga bagʻishlangan
videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Ushbu masalaning yangi oʻquv yili
oldidan kun tartibiga olib chiqilgani
hayotiy zarurat boʻlib, yurt kelajagi,
jamiyat ravnaqi va xalq farovonligi
kabi strategik ahamiyatga ega
maqsadlarga chambarchas bogʻliq.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdagi keng qamrovli islohotlarning yoshlar siyosati, taʼlim-tarbiya yoʻnalishlari “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” ezgu gʻoyasi asosiga qurilmoqda. Darhaqiqat, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham, aslida, ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Ushbu omillarsiz taraqqiy etgan, ravnaq topgan va farovonlikka erishgan jamiyatni topib boʻlmaydi. Bu kunday ravshan masala. Ammo muayyan jamiyatda taʼlim-tarbiyaning zamon talablariga moslashuvchan taraqqiyot modelini ishlab chiqish, uni amaliyotga joriy etishning maqbul mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish, mavjud tizimni takomillashtirishning kafolatlangan usul va yoʻllarini taklif qilish har bir jamiyat uchun mushkul muammodir. Chunki taʼlim-tarbiya milliy mentalitet, millatning umumiy saviyasi, fuqarolarning vatanparvarlik ruhiyati, davlatning taʼlim siyosati va boshqa koʻplab omillar bilan bogʻliq. Shu sababli jahon tajribasida sinovdan oʻtgan va ilgʻor taʼlim modellarining muqobilini boshqa jamiyatda yoʻlga qoʻyib boʻlmaydi. Mana shu jihati bilan ham taʼlim-tarbiya tushunchalarini milliylikdan ayro tasavvur etish imkonsiz. Taʼlim-tarbiya milliy zaminda boʻy koʻrsatadi va umuminsoniy qadriyat hamda anʼanalarni, xalqaro tajribalarni ijodiy oʻzlashtirish asnosida taraqqiy etadi.
Taʼlim sohasida rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda raqobat muhiti yaratilgani Oʻzbekistonning ilgʻor davlatlar safidan munosib oʻrin olishiga, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga xizmat qiladi. Dunyo tajribasi koʻrsatadiki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga oʻn, yuz barobar koʻp foyda keltiradi. Oʻzimizga savol beraylik: rivojlangan davlatlar qanday qilib yuksak taraqqiyot va turmush farovonligiga erishmoqda? Eng avvalo, ilm-fan va taʼlimga qaratilgan ulkan eʼtibor tufayli emasmi? Shuning uchun keyingi yillarda har tomonlama taraqqiy etish, yangi Oʻzbekiston jamiyatini barpo qilish maqsadida barcha sohalar qatori taʼlim tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda.
Shubhasiz, milliy taraqqiyot, oʻzlikni anglash, dunyoga chiqish hech qachon va hech yerda silliq kechmagan. Buning boisi, dunyo yoʻllari, bozor va minbarlari allaqachon “boʻlib olingan”. Dunyo hamjamiyatidan munosib oʻrin olish uchun amaliy harakatlarning oʻzi kamlik qiladi. Endi ilm-fanni rivojlantirish va texnologiyalar ishlab chiqarish, intellektni oshirish bilangina kuchli raqobatga bardosh berish mumkin. Bu esa taʼlimga, oʻqituvchi shaxsiga nisbatan yuksak eʼtiborni talab qiladi. Bu borada Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya tajribasini oʻzlashtirishni hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Ayniqsa, gʻoyat ogʻir sharoitda yirik davlat tarkibidan ajralib chiqqan Singapurning qisqa vaqtda iqtisodiyoti baquvvat, korrupsiyadan xoli, bugun ham shitob bilan rivojlanayotgan mamlakatga aylanishida aynan taʼlimga yoʻnaltirilgan sarmoya yagona omil sifatida eʼtirof etiladi. Ushbu mamlakatga uzoq yillar boshchilik qilgan mashhur davlat arbobi Li Kuan Yudan qisqa vaqtda Singapur qanday qilib dunyoning rivojlangan mamlakatiga aylangani haqida soʻralganda, “Bu yerda hech qanday sir yoʻq, moʻjiza yaratganim ham yoʻq. Shunchaki Vatanim oldidagi burchimni bajardim, xolos. Ishni shunday tashkil qildimki, davlat budjetining katta qismini taʼlim sohasiga yoʻnaltirdim. Muallimlar mavqeini jamiyatning quyi tabaqasidan yuqori martabaga koʻtardim. Bizda moʻjiza yaratgan kishilar, shubhasiz, muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnatni sevadigan, haqiqatni qadrlaydigan yangi vatanparvar, ayni chogʻda kamtarin avlodni tarbiyalab yetishtirdilar”, deb javob bergan edi.
Mamlakatimizda ham taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish, modernizatsiyalash, sohani mazmun va shakl jihatdan zamonaviy talablarga moslashtirish borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Buning natijasida qator yutuqlar qoʻlga kiritildi. Xususan, alohida qobiliyati bor oʻquvchilarning iqtidoriga mos oʻqitish shakli va mazmunini oʻzida aks ettirgan Prezident taʼlim muassasalari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan oʻquv maskanlari tarmogʻi kengaytirildi. Ular uchun yangi darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari yaratildi. Sifatga eʼtibor qaratilgan yangi milliy oʻquv dasturi qabul qilindi. Oʻqituvchi va murabbiylarning mehnat sharoitini yaxshilash, malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oliy taʼlimda ham qamrov 4 barobar oshirilib, yoshlar uchun imkoniyat kengaytirildi.
Ayni paytda taʼlim tizimida, xususan, maktab taʼlimi sohasida oʻz yechimini kutayotgan dolzarb masalalar ham talaygina. Yigʻilishda bu borada qator muammolar mavjudligi taʼkidlandi. Xususan, bugun boshlangʻich sinflarda 11 ta, yuqori sinflarda 16 ta fan oʻtiladi. Lekin oʻquvchilar aniq bir yoʻnalishda chuqur bilimga ega boʻlmay, maktabni bitiryapti. Oʻtgan yili 220 ming muallimdan 86 ming nafari yoki 37 foizining bilim va koʻnikmasi “qoniqarsiz” baholangan. Bu hol, ayniqsa, hozir talab yuqori boʻlgan informatika, ingliz tili, fizika, matematika va kimyo fani oʻqituvchilarida kuzatilgani tashvishli. Oxirgi olti yarim yilda yurtimizda 320 ming xonadonli yangi uy-joylar barpo etilgani holda ularga mos quvvatda maktablar qurilmagan. Yangi massiv va mahallalarda hozirning oʻzida 350 ming oʻrinli maktablarga talab bor. Mavjud maktablar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha ham vazifalar koʻp.
Ushbu muammolar maktab taʼlimini rivojlantirish bilan bogʻliq jiddiy masalalar boʻlib, ularni hal etish oʻqitish sohasidagi islohotlarning joylardagi ijrosiga bevosita bogʻliq. Mazkur muammolar mavjudligi ijro etuvchi hokimiyat, shuningdek, taʼlimni boshqaruvchi mutasaddi tashkilotlar, pedagogik oliy taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan soha vakillari oldiga masʼuliyatli vazifalar qoʻyadi. Bu umumiy maʼnoda bir necha yoʻnalishni qamrab oladi. Maktab taʼlimining oʻquv mazmunini optimallashtirish, pedagoglarning kasbiy kompetensiyasini oshirish, oʻqituvchilik kasbiga saralash jarayonini, muallimlarning oʻz ustida ishlashini taqozo etadigan amaliy mexanizmlarni takomillashtirish, mavjud maktablar infratuzilmasini yaxshilash va yangilarini barpo etish boʻyicha davlat dasturlariga takliflar kiritish shular jumlasidan.
Yigʻilishda milliy mentalitetni hisobga olgan holda maktab taʼlimini rivojlantirish va pedagogik taʼlimni takomillashtirish bilan bogʻliq soha uchun strategik ahamiyatga ega qator tashabbuslar ilgari surildi. Ularni umumiy maʼnoda quyidagicha tasniflash mumkin:
birinchidan, oʻquv jarayoniga Prezident taʼlim muassasalari va ixtisoslashgan maktablar oʻquv dasturi hamda baholash tizimini joriy etish;
ikkinchidan, yangi tizimni samarali qoʻllagan oʻqituvchilarni qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish;
uchinchidan, maktablarga taklif etilgan xorijlik oʻqituvchilar sonini oshirish;
toʻrtinchidan, oʻquvchilarga fanlarni tanlash imkoniyatini berish hisobiga yuqori sinflarda oʻqitiladigan fanlar sonini kamaytirish;
beshinchidan, kasb-hunar egallash istagidagi oʻquvchilarga maktabning oʻzida tayyor mutaxassis boʻlib yetishish imkoniyatini yaratish;
oltinchidan, maktab taʼlimi mazmunini zamon talabiga moslashtirish, xususan, kompyuter va moliyaviy savodxonlik darslarini joriy etish;
yettinchidan, oʻqituvchilarni ishga qabul qilish, malakasini oshirish va ularga toifa berish tizimini takomillashtirish;
sakkizinchidan, maktablarda kadrlar yetishmovchiligi bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish choralarini kuchaytirish;
toʻqqizinchidan, maktab taʼlimida boshqaruv tizimini yangilash;
oʻninchidan, oʻquvchi oʻrnini koʻpaytirish, bu borada xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash;
oʻn birinchidan, oʻquvchilarning salomatligini muhofaza qilish va hokazo.
Ushbu tashabbuslar maktab va pedagogik taʼlimni takomillashtirish, uni mazmun va shakl jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini yaratadi. Chunki ular maktab taʼlimi bilan bogʻliq barcha jihatni oʻzida jamlagan va ular sohani kompleks rivojlantirishni nazarda tutadi.
Toshkent va Chirchiqdagi pedagogika universitetlari pedagogika yoʻnalishidagi institutlar uchun tayanch oliygoh sifatida belgilangani, ularda mutaxassislar Prezident maktablari dasturi asosida tayyorlanishi oliy taʼlim muassasalari oldiga yangi vazifalar qoʻyadi. Prezident maktablari dasturi asosida meʼyoriy hujjatlarni yangilash, pedagogika OTMlari uchun namunaviy fan dasturlari ishlab chiqish, pedagogik taʼlimga samarali yangi yondashuv va texnologiyalarni joriy etish shular jumlasidan. Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash pedagogika oliy taʼlim muassasalari professor oʻqituvchilaridan ishiga ijodiy yondashish, ilgʻor xorijiy tajribani oʻzlashtirish, samaradorligi dalillangan milliy tajribani ommalashtirish, kasbiy masʼuliyat va ijodkorlikni oshirish talab qilinadi.
Muammoni bartaraf etish har doim uning sababini toʻgʻri aniqlashdan boshlanadi. Taʼlim tizimidagi muammolarning bosh sababi ham yaqin yillarga qadar yoshlarning taʼlimiga masʼul soha vakillarining jamiyatdagi obroʻ-eʼtibori borasida soʻz va amalning mos kelmasligida edi. Oqibatda soha xodimlari goʻyoki keraksiz va himoyasiz qatlamga aylanib qoldi. Xalqimiz maktab oʻqituvchilarining asosiy vazifasi bir chetda qolib, ularni oʻzlariga mutlaqo aloqasi boʻlmagan ishlarga jalb etish bilan bogʻliq salbiy holatlarni ham koʻrdi. Bunday nojoʻya ishlar nafaqat taʼlim sifatiga, balki soha xodimlarining oʻz kasbiga munosabatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Qanchadan-qancha tajribali oʻqituvchilar sevgan kasbini noiloj tashlab ketganini yaxshi bilamiz.
Ayni paytda jamiyatimizda oʻqituvchi va murabbiylar hurmat-eʼtibori Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Bu, birinchi navbatda, pedagoglarni, qolaversa, xalqimizni quvontirdi. Chunki farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli boʻlib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, koʻplab ijtimoiy muammolarni yechish imkoni tugʻiladi. Bu esa “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan fikrlar toʻgʻri ekanini koʻrsatadi.
Oʻqituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, hurmat-eʼtiborini koʻtarish masalasi bu gal ham alohida taʼkidlandi. Bir paytlar jamiyatimizda hurmati juda baland darajada koʻrilgan muallimlarning bugungi nufuzi pasayishi bilan bogʻliq vaziyatga oʻta salbiy baho berildi. Oʻqituvchiga, murabbiyga hurmat borasida xalqimiz orasida shakllangan va bugungi axborot texnologiyalari zamonida bir oz unutilayotgan milliy qadriyat va urf-odatlarimizga qaytish zarurligi uqtirildi. Modomiki, jamiyatimizni taraqqiy ettirish, globallashuv sharoitida uni yot gʻoyalar taʼsiridan ihotalash, fan va texnologiyalar sohasida ilgʻor mamlakatlar qatorida boʻlishni maqsad qilgan ekanmiz, buning uchun jamiyatda oʻqituvchimurabbiyning mavqeini tiklashimiz, maktab taʼlimini shakl va mazmun jihatidan zamonaviy talablarga moslashtirishimiz shart.
G‘ofurjon MUHAMEDOV,
O‘zbekiston fan arbobi,
kimyo fanlari doktori, professor