Chop etdi: Fayziyev | Ko'rildi: 983 marta
Tegishli bo'limi: Yangiliklar
Oliy taʼlim muassalarining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy yoʼnalishdagi faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan metodik koʼmaklashish boʼyicha Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga biriktirilgan ishchi guruh oʼz faoliyatini boshladi. Ishchi guruh tarkibiga Oʼzbekiston Respublikasi oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasining malakali mutaxassislari jalb etilgan.
Mutaxassislar tomonidan institut ijtimoiy-maʼnaviy muhiti, talabalar davomati, fanlarni oʼzlashtirish, taʼlim sifati, amaliyot darslarini oʼtkazish, talabalarning darsdan boʼsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, talabalar turar joylarida yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, ijarada yashayotgan talabalarning yashash sharoitlari va sohaga oid istiqbolli rejalar atroflicha tahlil qilindi.
Institutda taʼlim oluvchi talabalarning dunyoqarashi orzulari, umidlari, ularni qiynayotgan savollar, kamchiliklar va ularning yechimlari haqida anonim soʼrovnoma oʼtkazildi. Shuningdek, ular bilan yuzma-yuz suhbatlar tashkil etildi.
Fargʼona politexnika instituti prorektori M.Botirovning yangi Oʼzbekiston strategiyasi, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, Vatan, ona, ajdodlarimiz boy maʼnaviy merosi haqidagi mahorat darslari talabalarni ruhlantirib, ularga kuchli motivatsiya bera oldi desak, aslo mubolagʼa boʼlmaydi.
Yoshlarning adabiyotga, sheʼriyatga boʼlgan qiziqishlari yuqoriligini koʼrib, millatning hissiyotdan, oʼydan, fikrdan mahrum emasligi koʼngillarga huzur bagʼishlaydi.
Institut axborot xizmati