Tillar:       O'z       En       Ру    

Test

Chop etdi: Raxmatilla || Ko'rildi: 3097 marta         Chop etildi: 2019-12-20         Bo'limi: Yangiliklar


Tabriklaymiz!





Ustoz – bu so‘z jarang sochganda, har kim turlicha ta’rif izlaydi. Buni qarangki, bu so‘zga dunyo lug‘atlarida ham bir xil ta’rif keltiriladi. Ya’nikim, ota kabi ulug‘, ona kabi sirdosh... Birinchi ustozimiz, o‘qishni, yozishni o‘rgatib, xat-savodimizni chiqaradi. Ulg‘ayganimiz sari, katta hayotning o‘zi bizga ustozlik qila boshlaydi. Aynan shu jarayonda yana murabbiylar, muallimlar qo‘lidan tutamiz. Ular bizga hayotning past-baland tepaliklaridan o‘tishimizda hamrohlik qiladi. Pand-nasihatlari, duolari bilan umr yo‘llarimizni xuddi shamchiroq kabi yoritadi.

"Karvon uchun sarbon kerak, har qadamda..."

2017 yil. Toshkent viloyatida ishlab chiqarish, iqtisodiyot, turizm sohasi anchagina rivojlangan. Biroq, mamlakatimiz taraqqiyoti va kelajagini belgilab beradigan ta’lim tizimi boshqa viloyatlarga nisbatan past ko‘rsatgichlarni band etayotgan bir davr... Yurboshimizning sa’iy harakatlari bilan Chirchiq shahrida pedagogika oliygohi faoliyat boshlashi zarurligi e’tirof etilib, tegishli qonunlar qabul qilindi. Institut va institut rahbariyati oldiga yuksak vazifalar qo‘yildi... Qarabsizki, ilm karvoni yo‘lga chiqdi. Juda olis yo‘lga... Bu karvonga professor – G‘ofurjon Muhamedov sarbon etib tayinlandi. Ilm mashvaratini yoqqancha, karvon ortidan bir guruh pedagoglar jamoasi, 750 nafar talabalar ergashdi. Bu orada endigina rivojlanish tetapoyalaridan ko‘tarilayotgan shaharga madaniyat, ma’rifat, ilm-fan, bir so‘z bilan aytganda, "sivilizatsiya" nafasi  kirib keldi. Tez orada bir-biridan ko‘rkam va muhtasham binolar qad rostladi...

2019 yil. 20-dekabr...

Bugun qutlug‘ kun! Ya’nikim, ustoz Muhamedov Gafurjon  Isroilovich yaqinlari, bir guruh shogirdlari davrasida 70 yoshni qarshi olmoqda...

"Har niholga bog‘bon kerak"...

Umid bilan qadalgan nihollar bo‘y ko‘rsatdi. Ulg‘aydi, meva tugdi. Bog‘bon esa hali-hanuz yangi-yangi nihollar parvarishi bilan band. Ustoz, biz baralla ayta olamizki,  Siz bugun Toshkent viloyatining “ilm-ziyo bog‘i”ga bog‘bonsiz. Necha yuzlab yozilajak ilmiy-tadqiqot ishlariga, minglab tarbiyalanajak farzandlar kelajagiga sarbonsiz...

Ustoz, G‘ofurjon Isroilovich, bundan 3 yil avval siz yo‘l boshlagan karvon,  ilmu ziyoga tashna qalblar orasida biz ham bor edik. Buni qarangki, bugun Sizni ustoz deb biladigan, Sizga suyanadigan, suhbatingizga doimo oshiqadigan  shogirdlaringiz soni 9 mingtaga yetdi... Ularning har biri qalbida ertangi kun ishqi bilan yuksak pedagoglik maqomini oqlash ilinjida tinimsiz mehnat qilmoqda...

G‘ofurjon Isroilovich, Siz talabchan rahbar, mehribon ustoz, fayzli insonsiz! Kezi kelganda, qatiqqo‘l rahbar bo‘lib shogirdlarni tarbiyalayapsiz. Yuzingizdagi nur, iliq tabassum doimiy hamrohingiz, jonajon O‘zbekistonimizning ilmiy ravnaqi yo‘lidagi ezgu ishlaringizda esa ulkan zafarlar yor bo‘lsin!


Institut axborot xizmati.

Institutda yuz berayotgan yangiliklarni elektron pochtangizga yuborilishini istaysizmi?

Quyidagi oynada siz o'z email-pochtangizni faollashtirsangiz, har bir yangilik pochtangizga yuboriladi.