Tillar:       O'z       En       Ру    

Test

Chop etdi: Raxmatilla || Ko'rildi: 942 marta         Chop etildi: 2020-02-06         Bo'limi: Yangiliklar


“MUROJAATNOMA”DAN KEYINGI MULOHAZALAR: TA’LIMDAGI ISLOHOTLAR — HAYOTIY ZARURAT



2020 yil 24 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga Murojaatnomasi taqdim qilindi. Ushbu Murojaatnoma yangi O‘zbekistonni yaqin yillarda kompleks rivojlantirishning ustuvor jihatlarini belgilab bergani bilan ahamiyatlidir. Avvalo, shuni ta’kidlashimiz kerakki, Murojaatnomada jamiyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barcha sohalari qamrab olingan. Jumladan, unda muhtaram Prezidentimiz fan, ta’lim va maorif tizimiga taalluqli bir qator strategik yo‘nalishlarni belgilab berdilarki, undan kelib chiqadigan vazifalar tizimda faoliyat olib borayotgan mutaxassislardan yangilanayotgan jamiyatimizning ta’lim siyosati mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglashni taqozo qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori – G‘ofurjon Muhamedov bilan olib borilgan suhbatda Murojaatnomaning mazmunini tushunish, ta’lim sohasida Murojaatnomadan kelib chiqadigan islohotlarning mohiyatini anglash, tizimning oldida turgan muhim vazifalar bilan bog‘liq savollarga javob topasiz.

– Ustoz, suhbatimizni globallashuv sharoitida ta’limning o‘rni bilan bog‘liq mulohazalaringiz bilan boshlasak.

– Dunyo tamaddunining bugungi bosqichini globallashuv jarayonlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Globallashuv, ta’bir joiz bo‘lsa, bugungi kunda mamlakatlarni rivojlantirishning mohiyati va mazmuniga, strategiyasi va tamoyillariga, yondashuv va uslublariga birday ta’sirini o‘tkazayotgan kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bugungi kunga kelib jamiyat rivojlanishining kompleks harakterda sodir bo‘lishi taraqqiyotning ijobiy jihatlari bilan birga uning salbiy oqibatlarini ham yuzaga chiqarmoqdaki, bu insoniyat oldiga kutilmagan yangi muammolarni ko‘ndalang qo‘ymoqda. Globallashuvning mohiyatini va xususiyatlarini chuqur o‘rganish unga moslashish, yo‘nalishlarini kerakli tarzda o‘zgartirish imkoniyatini yaratadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, globallashuv jarayonidan ijobiy va ijodiy foydalanishning usul va vositalarini, mexanizmlarini ilmiy asosda ishlab chiqish bugungi kunning dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Albatta, bunday sharoitda ta’lim tizimida globallashuv jarayonlariga moslashuvchan, u bilan hisoblashadigan islohotlar muhim rol o‘ynaydi.

– Prezidentimizning Parlamentga Murojaatnomasini xalqimiz katta qiziqish bilan qarshi oldi. Unda barcha sohalar kabi ta’lim sohasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Eng muhimi, ta’limning barcha bosqichlari bilan bog‘liq ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Maktabgacha ta’lim tizimi ta’limning dastlabki bo‘g‘ini sifatida o‘ziga xos jihatlarga ega. Tan olishimiz kerak, yaqin yillarga qadar bu soha bir oz e’tibordan chetda qolib keldi. Keyingi yillarda esa bu sohaga muhtaram yurtboshimiz rahnamoligida jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Umuman, maktabgacha ta’limning jamiyat hayotida tutgan o‘rni borasidagi fikr-mulohazalaringizni bayon qilsangiz.

– Milliy ta’lim tizimining keyingi chorak asrdagi faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘lamiz. Ayni paytda, ko‘plab muammolarning ham yig‘ilib qolishi olib borilayotgan islohotlarda muayyan kamchiliklar ham bo‘lganligini ko‘rsatmoqda.

Tizimdagi bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida keyingi ikki yildan oshiqroq vaqt mobaynida ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalariga oid bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Qabul qilingan ushbu hujjatlarda maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’limdan keyingi ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlar, shuningdek, akademik ilm-fan ham qamrab olingan.

Ta’lim tizimida maktabgacha ta’lim bosqichi eng muhim bo‘g‘inlardan biri hisoblanadi. Afsuski, bizda yillar davomida ushbu ta’lim bosqichini isloh qilish, maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrovni oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini zamon talablariga moslashtirish masalasiga kam e’tibor qaratildi. 2017 yil 30 sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etish to‘g‘risida” Prezident Qaroridan keyin ta’lim tizimining quyi bo‘g‘iniga e’tibor kuchaydi. Maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida birgina 2019 yilning o‘zida 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bog‘chalari tashkil etildi. Buning natijasida farzandlarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga ko‘tarildi. Shu o‘rinda yaponiyalik tadqiqotchi, bola ruhiyatining bilimdoni Masaru Ibukaning “Uchdan keyin kech” kitobini eslashni joiz deb bilaman. Uning fikriga ko‘ra, katta yoshdagilar qiyinchilik bilan o‘rganadigan narsalarni, bolalar o‘ynab ilg‘ab olishadi. Ushbu jarayonning asosi aynan ta’limni o‘z vaqtida bera boshlashdadir. Darhaqiqat, so‘nggi tadqiqotlarda inson miyasining imkoniyatlari nihoyatda kengligi, ta’lim va tarbiya bolaga qanchalik erta berilsa, u shunchalik o‘zining ijobiy samarasini berishi isbotlanmoqda. Murojaatnomada keltirilgan yuqoridagi raqamlar bola ruhiyati va imkoniyatlari bilan bog‘liq yuqoridagi tadqiqotlar samarasiga bizni yaqinlashtiradi, bu yo‘nalishdagi islohotlarimiz to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaydi. Murojaatnomada ta’kidlanganidek, bu yildan boshlab, tariximizda ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi. Bunga budjetdan 130 milliard so‘m ajratilib, bu jarayonda xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi. Bu ishlarning zamirida maktabgacha bo‘lgan yoshdagi farzandlarimizga ta’lim va tarbiya berish tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq umidbaxsh maqsadlar mavjudligini ko‘ramiz.

Shu o‘rinda maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida katta jamoaning tizimli ravishda amalga oshirayotgan mashaqqatli mehnatini e’tirof etish shu xalqning vakili sifatida hammamizning burchimizdir.

– Ustoz, ta’lim muassasalarida alohida qobiliyatli o‘quvchilar bilan ishlash masalasi o‘ziga xos e’tiborni talab qiladi. Ammo bu borada ta’lim muassasalarida yetarli ishlar qilinyapti, deb ayta olmaymiz. Umuman, qobiliyatli o‘quvchilar bilan qobiliyati o‘rta yoki past darajadagi o‘quvchilarning bitta sinfda tahsil olishiga qanday qaraysiz? Ta’lim islohotlarida, sizning fikringizcha, masalaning ushbu jihatlariga e’tibor qaratilganmi?

– Pedagogikaga tegishli adabiyotlarda qobiliyat insonning shaxsiy salohiyati, imkoniyatlari ekanligi aytiladi. Darhaqiqat, qobiliyat bilimdan keskin farqlanadi: bilim mutolaa natijasi hisoblanadi, qobiliyat esa shaxsning psixologik va fiziologik tuzilishining xususiyati sanaladi. Qobiliyat inson tomonidan ko‘nikma va malakalarning egallanishi jarayonida takomillashib boradi. Har qanday qobiliyat turi shaxsga tegishli murakkab psixologik tushunchadan tashkil topgan bo‘lib, u faoliyatning talablariga mutanosib xususiyatlar tizimini o‘z ichiga oladi. Shu bois qobiliyat deganda birorta xususiyatning o‘zini emas, balki shaxs faoliyatining talablariga javob bera oladigan va shu faoliyatda yuqori ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlashga imkoniyat beradigan xususiyatlar sintezini tushunmoq lozim.

Ta’lim muassasalarida qobiliyatli o‘quvchilar bilan ishlash alohida ko‘rsatkich sifatida qaraladi. Ammo bu boradagi ishlarni ichdan kirib kuzatsangiz, shunchaki hisobot uchun qilinayotganini, qobiliyatli o‘quvchilarni aniqlash, ularning qobiliyatlarini rivojlantirish va yo‘naltirish borasida amalda deyarli hech qanday ish qilinmayotganini ko‘rasiz. Aslida bu boradagi ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan taqdirda ham qobiliyatli o‘quvchilarning ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish qiyin. Shu ma’noda qaraydigan bo‘lsak, mamlakatimizda 2019 yilda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi 4 ta Prezident maktabi, 3 ta Ijod maktabining ish boshlagani ta’lim tizimimizdagi ijobiy “portlash”lardan biridir. Bizning farzandlarimizda Beruniy, Forobiy, Al Xorazmiy, Ibn Sino kabi buyuk ajdodlarimizning qoni bor. Tizimda qobiliyatli o‘quvchilar bilan ishlash bo‘yicha olib borilayotgan bunday katta ko‘lamdagi ishlar Sharqda ikki bor kuzatilgan Renessans davrini qaytishiga ishoradek ko‘rinadi menga.

– Mamlakatimiz rahbari Murojaatnomada purma’no bir gapni aytdilar: “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” Darhaqiqat, ilm-ma’rifatsiz taraqqiyot bo‘lmaydi. Ammo davlatimiz rahbari haqli ravishda e’tirof etganidek, bugungi kunda ta’lim tizimida kamchiliklar va muammolar ko‘p. Ta’limdagi muammolarni bartaraf qilish choralarini belgilashda ularni tizimga solgan holda tasavvur qilish, tasniflash va tavsiflash talab qilinadi. Shu ma’noda, Sizningcha, ta’lim tizimidagi muammolarni qanday tizimlashtirish va tasniflash mumkin?

– Murojaatnomadagi o‘sha hikmatli so‘zni to‘g‘ri esladingiz. Jamiyatimiz taraqqiyotining ayni bosqichi uchun juda topib aytilgan hikmat bu. Unda ilmga berilgan baho, tarbiyaga berilgan ijobiy sifat va bilimsizlikka nisbatan munosabat mavjud. Biz ayni paytda ilm-ma’rifatni rivojlantirmasdan rivojlanishning keyingi bosqichlariga chiqa olmaymiz. Buning uchun esa tizimdagi muammolarni bartaraf qilishimiz, ta’lim-fan-ishlab chiqarish uchligi o‘rtasidagi integratsiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz lozim.

Ta’lim tizimida uzoq yillardan beri yig‘ilib qolgan muammolarni bartaraf etish oson kechmaydi. Buning uchun, avvalo, ta’limga yondashuv bilan bog‘liq muammolarni aniqlab olishimiz lozim. Mening nazarimda, tizimiga yondashuv bilan bog‘liq muammolar quyidagilarda ko‘rinadi:

Kadrlar tayyorlashda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy o‘ziga xosligi va talabining inobatga olinmasligi;

Mehnat bozoridagi talab va taklifning chuqur o‘rganilmasligi;

Ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasining to‘la ta’minlanmagani;

Fan yutuqlarini tijoratlashtirishga nisbatan e’tibor berilmasligi.

Ta’limdagi muammolar o‘z vaqtida bartaraf qilinmasa, urchish, ko‘payish xarakteriga ega. Ya’ni muammo o‘z vaqtida hal qilinmasa, ikkinchi muammoning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Yuqorida aytilgan ta’limga noto‘g‘ri yondashuv o‘z navbatida quyidagi muammolarni keltirib chiqardi:

Oliy ta’lim bilan qamrov darajasining pastligi;

Amaldagi o‘quv reja va dasturlarda nomutaxassislik fanlari ulushining yuqoriligi;

O‘quv adabiyotlarining yetishmasligi;

Ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni amaliyotga joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish mexanizmining kuchsizligi;

Kadrlarning hududlar kesimidagi taqsimotida muvozanatning buzilishi;

Sohada korrupsiyaning avj olishi.

Bu muammolarni yana uzoq davom ettirish mumkin.

– Keyingi yillarda ta’lim sohasidagi islohotlar natijasida oliy ta’lim muassasalari oldiga yangi vazifalar qo‘yilmoqda. Islohotlar ko‘lami juda keng bo‘lib, ta’lim tizimi xodimlarida ularning mazmun-mohiyatini to‘laqonli anglash, o‘z faoliyatini islohotlarga mos holda o‘zgartirish bir oz qiyinchilik tug‘dirmoqda. Oliy ta’limda uzoq yillik tajribaga ega rahbar sifatida bugungi ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqadigan vazifalar borasidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Keyingi uch yilda oliy ta’lim muassasalari soni 37 taga oshdi. Bu katta ko‘rsatkich. Ulardan 14 tasi xorijiy OTMlaridir. Yurtimizda xorijiy OTMlarning ko‘payishi sohada sog‘lom raqobatni paydo qiladi, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish imkoniyatini beradi, deb o‘ylayman.

Sohada amalga oshirilayotgan bu kabi jiddiy islohotlar natijasida muhtaram Prezidentimiz ta’lim tizimi rahbarlari oldiga quyidagi vazifalarni qo‘ymoqda:

Oliy ta’lim bilan qamrov darajasini bosqichma-bosqich oshirish;

Sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish;

O‘quv yuklamalarini optimallashtirish;

Ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish;

OTMlarning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash;

Ta’limda nodavlat va xususiy sektorning rolini oshirish;

Ta’limni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish;

Nufuzli chet el oliy o‘quv yurtlari bilan yaqindan hamkorlikni kuchaytirish.

Umuman, oldimizdagi vazifalar juda ko‘p. Eng asosiysi, ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlar zamonaviy ta’limga qo‘yiladigan talablarga javob berishidir. Murojaatnomada pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo‘lgan, o‘z ishida aniq natijalarga erishgan o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimi joriy etilishi aytib o‘tildi. Shuningdek, maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildiki, bu ishlarni amalga oshirish, avvalo, tizimdagi rahbarlardan zamonaviy fikrlashni va xorij amaliyotini yaxshi bilishni talab qiladi. Mamlakatimiz rahbarining joriy yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-o‘qituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish haqidagi ko‘rsatmasining zamirida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish bilan bog‘liq ezgu maqsad mavjud.

Joriy yildan pedagogik ta’limning 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 3 yil qilib belgilanmoqda. Bu oliy ta’lim tizimida o‘quv yuklamalarini optimallashtirish bilan bog‘liq jiddiy qadam bo‘ldi. Xuddi shu nuqtai nazardan boshqa sohalarni ham taftish qilish lozim, deb o‘ylayman.

– Ta’limga oid islohotlar, albatta, davr talabi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida ta’lim xizmatlarining o‘z qiymati bo‘lishi ham tabiiy. Tizimga nodavlat va xususiy sektorning keng jalb qilinishi natijasida ta’lim xizmatlari bozorida raqobat kuchayadi. Ayni paytda ta’lim olishning qiymati, narxi bo‘yicha xalqimizda hali ham uni qabul qila olmaslik bilan bog‘liq tushunchalar mavjud. Xalqimizning hozirgi farovonlik darajasida shunday tushunmovchilikning bo‘lishi ham tabiiy, albatta. Shuni inobatga olgan holda bugungi ta’lim islohotlarida xalqimizni ijtimoiy himoyalash bilan bog‘liq qanday choralar ko‘rilmoqda?

– Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda ta’lim – bu biznes. Ta’lim biznesga aylangandagina raqobatbardoshlik kasb etadi. Bizda ham keyingi yillarda ta’lim tizimiga nodavlat va xususiy sektorning kirib kelayotganini men ijobiy baholayman. Endi davlat va nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasidagi raqobat tizimning rivojlanishini ta’minlaydi. Ta’limda ham endi bozor qonunlari ishlay boshlaydi. Bozor qonunlari esa, bilasiz, juda shafqatsiz. Unda natija muhim hisoblanadi. Natija esa qachonki raqobatbardosh mahsulot yaratilsagina ijobiy bo‘ladi. Ta’lim xizmatlari bozorida raqobatbardosh mahsulot malakali kadrlar tayyorlash bilan amalga oshadi. Demak, ta’lim xizmatlari bozorining mahsuloti inson kapitali hisoblanadi. Inson kapitali esa zamonaviy iqtisodiyotda tobora qimmati oshayotgan resursdir. Shuning uchun ham aytish mumkinki, ta’lim biznesi bu mavsumiy xarakter kasb etadigan biznes emas, balki borgan sari rivojlanadigan biznes turi hisoblanadi.

Ammo bugungi O‘zbekiston sharoitida, Murojaatnomada aytilganidek, aholimizning 12-15 foizi kambag‘al sharoitda kun kechirayotgan hozirgi kunda ta’lim islohotlarida ijtimoiy himoya masalasining nazarda tutilishi kerak, albatta. Va bugungi islohotlarda bu narsa mavjud. U nimalarda ko‘zga tashlanadi? Avvalo, yangicha mazmun va shaklda ochilayotgan Prezident va Ijod maktablari davlat budjetidan moliyalashtiriladi va u yerda o‘qish tekin. Qobiliyatli o‘quvchilarni saralab olishning shaffof mexanizmlari asosida o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar turli ijtimoiy qatlam vakillarining farzandlaridir. Qolaversa, Murojaatnomada ta’limda ijtimoiy himoya masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “Oliy ma’lumot olaman, o‘z ustimda ishlab, ilmli bo‘laman, degan, yuragida o‘ti bor, jo‘shqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart. Shuning uchun maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazamiz.

Bu borada shuni unutmaslik kerakki, oliy ta’lim qamrovini oshirish to‘lov kontraktiga bog‘liq bo‘lib qolmasligi zarur. Shuni hisobga olib, oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobar ko‘paytiramiz...

Qizlarimiz uchun alohida grantlar ham ajratiladi...”

Prezidentimizning ushbu gaplari ta’lim islohotlarida ijtimoiy himoya masalasining aks etishiga yorqin misol bo‘la oladi, albatta. Umuman, ta’limda ijtimoiy himoya bizda davlat tomonidan kafolatlangan ekanini ham ta’kidlab o‘tishimiz kerak, nazarimda.

– Siz rahbarlik qilayotgan Chirchiq davlat pedagogika institutida ta’lim tizimidagi islohotlar sharoitida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Murojaatnomadan kelib chiqqan holda institutda yana qanday yangiliklarni joriy qilishni rejalashtirmoqdasiz?

– Muhtaram yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoev 2019 yilning 23 avgust sanasida xalq ta’limi tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida: “Maktab – bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi... Maktab ishi bu umummilliy harakatga aylanishi kerak”, degan edilar. Darhaqiqat, maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Xuddi shu yig‘ilishda yurtboshimiz pedagogik OTMlarning faoliyatiga tanqidiy baho berib, ularning maktablardagi o‘quv-tarbiya jarayonini takomillashtirishdagi roli sezilmayotganini afsus bilan qayd etgan edilar.

Mamlakatimiz rahbarining ushbu fikrlaridan kelib chiqib Chirchiq davlat pedagogika instituti sohaga innovatsiyalarni joriy qilish, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi jarayonlarining samaradorligini oshirish maqsadida pedagogik ta’lim innovatsion klasterini o‘zining asosiy strategik ilmiy tadqiqot yo‘nalishi sifatida belgiladi. Bugungi kunda institutning katta ilmiy jamoasi pedagogik ta’lim innovatsion klasterining ilmiy-nazariy asoslarini yaratish, uni amaliyotga tatbiq etishning oqilona mexanizmlarini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqdalar. Olib borilayotgan ilmiy tadqiqot va tajriba-sinov ishlarining dastlabki natijalari olindi. Natijalar ijobiy. Hatto biz kutgandan ham yaxshiroq, deyish mumkin. Demak, pedagogik ta’lim innovatsion klasterining istiqboli bor. Toshkent viloyati tajribasi sifatida uni ommalashtirish, shubhasiz, pedagogik ta’limda o‘zining ijobiy samarasini beradi.

Ayni paytda oldimizda qiladigan ishlarimiz ham ko‘p. Pedagogik ta’lim innovatsion klasterini amaliyotga tatbiq etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishimiz, institutni kredit-modul tizimiga o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni tizimli amalga oshirishimiz kerak.

— So‘ngso‘z o‘rnida nimalar degan bo‘lardingiz?

– Men o‘z mulohazalarimni muhtaram Prezidentimizning Murojaatnomada keltirilgan quyidagi fikrlari bilan yakunlamoqchiman: “Bir haqiqatni hech qachon unutmaylik: biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz. Biz – hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qo‘rqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli, buyuk xalqmiz.

Barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, yakdil va ahil bo‘lib harakat qilsak, halol-pok bo‘lib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir xalqmiz.

Bu yo‘lda qanday qiyinchilik va mashaqqatlar bo‘lmasin, barchasini mardona yengib o‘tishga tayyormiz. Bunday ezgu ishlarda bizga Yaratganning o‘zi, buyuk ajdodlarimizning pok ruhlari madadkor bo‘ladi, deb ishonaman”.

 

Suhbatdosh Umid Xo‘jamqulov,

filologiya fanlari nomzodi.

MANBA: XALQ SO'ZI RASMIY SAYTI


Institutda yuz berayotgan yangiliklarni elektron pochtangizga yuborilishini istaysizmi?

Quyidagi oynada siz o'z email-pochtangizni faollashtirsangiz, har bir yangilik pochtangizga yuboriladi.