Tillar:       O'z       En       Ру    

Normativ xujjatlar

Hujjat nomi: TOSHKENT SHAHRIDA ADJU UNIVERSITETINI TASHKIL ETISH TО‘G‘RISIDA

Saytga qo'yilgan: 10 04 2019


Mazmuni

/ Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti. / Ташкентская область Чирчикский педагогический институт / Chirchiq State Pedagogical Institute of Tashkent region.  /  /  /  /   /

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Toshkent shahrida Adju universitetini tashkil etish tо‘g‘risida

Umume’tirof etilgan xalqaro talab va standartlarga, shuningdek, 2017 — 2021 yillarda О‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yо‘nalishi bо‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq qurilish, arxitektura, elektrotexnika va boshqa talab yuqori bо‘lgan yо‘nalishlarda oliy ma’lumotli malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida:

1. О‘zbekiston Respublikasi Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi va Adju universitetining (Koreya Respublikasi) Toshkent shahrida Adju universitetini (keyingi о‘rinlarda — Universitet) tashkil etish tо‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Universitet faoliyatining asosiy yо‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining istiqbollariga muvofiq qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori bо‘lgan ta’lim yо‘nalishlari bо‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;

qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori bо‘lgan ta’lim yо‘nalishlari bо‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi ta’lim dasturlari va о‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;

mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ta’lim va fan uzviyligi va uzluksizligi tamoyili, shuningdek, jahon ta’lim hamda ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalash asosida rivojlantirish;

mehnat bozorida mavjud muammo va ehtiyojni hisobga olgan holda qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori bо‘lgan ta’lim yо‘nalishlari bо‘yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;

pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qо‘llab-quvvatlash, о‘qitishning pedagogik uslublari va texnologiyalarini faol takomillashtirish;

ta’lim va ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlar, avvalo, Koreya Respublikasining yetakchi ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.

3. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Adju universiteti (Koreya Respublikasi):

Universitetning о‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish;

Universitetning mutaxassislari va professor-о‘qituvchilari tarkibining, shu jumladan chet elda malakasini oshirish va qayta tayyorlash;

Universitet kutubxona fondini shakllantirish va uni zamonaviy о‘quv, о‘quv-uslubiy va ilmiy-texnikaviy adabiyotlar bilan tо‘ldirish, shuningdek, Adju universiteti (Koreya Respublikasi) resurslar bazasidan foydalanish imkoniyatini taqdim etgan holda zamonaviy axborot-resurs markazini tashkil etishga kо‘maklashadi.

4. Belgilansinki:

Universitet kadrlarga bо‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda о‘qitishning О‘zbekiston Respublikasi Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan asosiy yо‘nalishlari (mutaxassisliklari) bо‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni, shu jumladan ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi yuridik shaxs maqomiga ega bо‘lgan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

Universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan о‘tkazish О‘zbekiston Respublikasi Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Adju universiteti (Koreya Respublikasi) tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Universitet ta’lim faoliyatini О‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi qonun hujjatlarini inobatga olgan holda Adju universitetining (Koreya Respublikasi) о‘quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiradi;

Universitetda о‘qishni tamomlagan bitiruvchilarga О‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot tо‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan Adju universitetining (Koreya Respublikasi) belgilangan namunadagi diplomi beriladi;

Universitetni moliyalashtirish talabalarni tо‘lov-kontrakt asosida о‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xо‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar kо‘rsatishdan olinadigan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriyalari, manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan texnik kо‘mak mablag‘lari (grantlar), shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

Universitetga 2019/2020 о‘quv yili uchun qabulni tashkil etish, shu jumladan bino va inshootlarni о‘quv yiliga tayyorlash bо‘yicha ta’mirlash-qurilish ishlari, о‘quv dasturlarini ishlab chiqish va moslashtirish, о‘quv va ilmiy laboratoriyalarni xarid qilish, о‘qitish bо‘yicha zarur axborot-kommunikatsiya tizimlarini yaratish, shuningdek, professor-о‘qituvchilar tarkibini tanlab olish О‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.

5. Shunday tartib о‘rnatilsinki, unga muvofiq:

2019/2020 va 2020/2021 о‘quv yillarida о‘qishga qabul qilingan talabalar — О‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ular Universitetni tamomlaguniga qadar О‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan kontrakt summasining respublikadagi boshqa davlat oliy ta’lim muassasalarida tegishli ta’lim yо‘nalishlarida о‘qitish qiymati miqdoridan ortiq qismini tо‘lab berish kо‘rinishida davlat kо‘magi (keyingi о‘rinlarda — davlat kо‘magi) taqdim etiladi, kontrakt yuridik shaxslar — salohiyatli ish beruvchilar tomonidan tо‘lanishi hollari bundan mustasno;

davlat kо‘magi taqdim etilgan Universitet bitiruvchilari respublikaning davlat tashkilotlarida kamida uch yil ixtisosligi bо‘yicha ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.

6. Toshkent shahridagi Adju universiteti Vasiylik kengashining (keyingi о‘rinlarda — Vasiylik kengashi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

Universitet faoliyatining tashkil etilishini ta’minlash, uning tо‘laqonli faoliyatini yо‘lga qо‘yish bilan bog‘liq tashkiliy, moliyaviy, yuridik, iqtisodiy, о‘quv-metodik, moddiy-texnik va boshqa masalalarni hal etish;

Universitet faoliyatini tashkil etish masalalari bо‘yicha Adju universiteti (Koreya Respublikasi) rahbariyati bilan muzokaralar olib borish va о‘zaro hamkorlik qilish;

zarur loyiha, qurilish-montaj va ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish, Universitetni jihozlash, infratuzilmasini yaratish, moddiy-texnik ta’minlashga doir grafiklarni ishlab chiqish va tasdiqlash;

Universitet faoliyatini tashkil etish bо‘yicha tasdiqlangan grafiklarda belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan muntazam nazorat va monitoring olib borish;

ta’lim jarayonini, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish va takomillashtirish, bakalavr va magistrlar tayyorlash sifatini tizimli ravishda oshirish, Universitet bitiruvchilarini ishga joylashtirish, mehnat bozorining keyingi rivojini hisobga olgan holda mutaxassislar va ilmiy-texnik kadrlar tayyorlashning istiqbolli yо‘nalishlarini belgilashda kо‘maklashish;

Adju universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishilgan holda ijtimoiy-iqtisodiy sohaning yuqori malakali mutaxassislarga bо‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2019/2020 о‘quv yilida va keyingi yillarda Universitetga qabul qilish kvotalarini va о‘qish uchun kontrakt summasini belgilash;

Universitet faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash uchun xayriya mablag‘lari, texnik kо‘mak mablag‘larini (grantlarni) va boshqa byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish;

Universitetning moddiy-texnik, о‘quv-metodik bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy о‘quv-laboratoriya uskunalari va о‘quv-metodik adabiyotlar bilan jihozlash, Universitetning ijtimoiy va maishiy infratuzilmasini yaxshilashga kо‘maklashish;

talabalarni, eng avvalo, yetim bolalardan va ota-ona vasiyligisiz qolgan bolalarni ijtimoiy himoya qilinishini ta’minlash, iqtidorli talabalarni о‘qitish uchun stipendiyalar ajratish, talabalarning yashash sharoitlarini yaxshilash va ularning yashash joylarida bо‘sh vaqtlarini foydali tashkil etish, shuningdek, talabalarning dam olishlari uchun shart-sharoitlar yaratishga kо‘maklashish;

maxsus stipendiyalar berish orqali Adju universitetiga (Koreya Respublikasi) va sohaga ixtisoslashgan xorijdagi boshqa yetakchi ta’lim muassasalariga stajirovka о‘tashga yuborish uchun eng istiqbolli talabalarni tanlov asosida tanlab olishni tashkil etish.

7. Vasiylik kengashi Adju universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishgan holda:

a) bir oy muddatda:

Universitet Ustavini tasdiqlasin, shuningdek, uning davlat rо‘yxatidan о‘tkazilishini ta’minlasin;

Universitetning tuzilmasi va shtat jadvalini tasdiqlasin;

b) 2019/2020 о‘quv yili boshlanguniga qadar Universitetni О‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat kо‘rsatuvchi oliy ta’lim muassasalarida foydalaniladigan zarur о‘quv-metodik majmualar bilan ta’minlasin.

8. О‘zbekiston Respublikasi Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Adju universitetining (Koreya Respublikasi):

Universitetda 2019/2020 о‘quv yilida bakalavriatning «Arxitektura», «Elektrotexnika» va «Qurilish injiniringi» ta’lim yо‘nalishlari bо‘yicha kadrlar tayyorlash;

О‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida Adju universitetining (Koreya Respublikasi) magistratura mutaxassisliklari bо‘yicha boshqaruv kadrlarini tayyorlash bо‘yicha Iqtisodiyot va biznes oliy maktabini ochish tо‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

9. Universitetga:

2020/2021 о‘quv yilidan boshlab Adju universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishgan holda bakalavriat va magistraturaning yangi istiqbolli ta’lim yо‘nalishlari va mutaxassisliklarini, shu jumladan Adju universiteti (Koreya Respublikasi) standartlari asosida kо‘p tarmoqli klinika, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va diagnostika markaziga ega tibbiyot fakultetini belgilangan tartibda ochish;

Universitetga о‘qituvchilik qilish va ilmiy ish olib borish uchun taklif etiladigan xorijlik professorlar va о‘qituvchilarning yashashi hamda transport xarajatlariga tuziladigan shartnomalar asosida, О‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar bо‘yicha haq tо‘lashga ruxsat berilsin.

10. О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) bir oy muddatda Toshkent shahrida joylashgan kasb-hunar kollejlaridan birining bino va inshootlarini Universitetga bepul foydalanish uchun berilishini ta’minlasin.

11. Universitet 2021 yil 1 dekabrga qadar muddatga Universitetni jihozlash va faoliyatini ta’minlash, shuningdek, uning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun о‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan rо‘yxatlar bо‘yicha olib kelinadigan uskunalar, kompyuter va orgtexnikalar, о‘qitishning texnik vositalari, adabiyotlar, multimedia mahsulotlari, inventar va boshqa moddiy-texnika resurslari bojxona tо‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.

12. О‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Universitet buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-о‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar, shuningdek, ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yig‘imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

13. О‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Universitet buyurtmanomalariga binoan Universitetning xorijiy professor-о‘qituvchilari va ma’muriy xodimlariga hamda ularning oila a’zolariga davlat bojlari tо‘lashdan ozod etgan holda kо‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik rо‘yxatdan о‘tkazilishi hamda vaqtinchalik rо‘yxatdan о‘tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish О‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov, О‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining о‘rinbosarlari A.A. Abduxakimov va J.A. Qо‘chqorov zimmasiga yuklansin.

О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018 yil 30 noyabr,

PQ-4041-son

http://lex.uz/docs/4086841

Institutda yuz berayotgan yangiliklarni elektron pochtangizga yuborilishini istaysizmi?

Quyidagi oynada siz o'z email-pochtangizni faollashtirsangiz, har bir yangilik pochtangizga yuboriladi.