21.04.2020
Hukumat qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar ana shu maqsadga yo‘naltirilgan (18.04.2020 yildagi 240-son VMQga qarang).
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil sentabrda iqtidorli yoshlar bilan ishlash, iste’dodi va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tashkil etilgandi.
Qabul qilingan hujjatda ushbu yo‘nalishni yanada takomillashtirish nazarda tutilgan, shu munosabat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
2020-2025 yillarda ijod maktablari faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi;
Agentlik to‘g‘risida nizom;
2020-2022 yillarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni (keyingi o‘rinlarda – maktablar) zamonaviy uskunalar, anjomlar, inventar va boshqa vositalar bilan jihozlash dasturi;
Agentlik huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamg‘armasining Vasiylik kengashi tarkibi.
Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining Toshkent shahar, MirzoUlug‘bek tumani, Do‘rmon yo‘li ko‘chasi, 29-uy manzilida joylashgan ma’muriy bino va inshootlari operativ boshqaruv huquqi asosida Agentlikka tekinga beriladi.
Maktablarning kutubxona fondlari zarur umumta’lim fanlaridan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar bilan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul ta’minlanadi. Buning uchun Agentlik kelasi o‘quv yilidan boshlab har yili Xalq ta’lim vazirligiga buyurtma beradi.
Ijod maktablari faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasida ularning o‘quvchilari quyidagi ko‘rsatkichlarga erishishi nazarda tutilgan:
o‘zbek va dunyo adabiyotining eng sara 50 ta asarini o‘qish;
bir yilda kamida 50 ta she’rni yod olish;
o‘zbek va dunyo kinematografiyasining 100 ta eng yaxshi namunasini tomosha qilish;
o‘zbek va dunyo tasviriy san’atining 100 ta eng yetuk asari bilan tanishish;
o‘zbek va dunyo mumtoz musiqasining 100 ta eng mukammal asarini tinglash.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.04.2020 yildan kuchga kirgan.
Podrobnee: https://www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/prezident_ijod_va_ihtisoslashtirilgan_maktablar_yanada_takomillashtiriladi