+99870 716-68-05

Tillar:       O'zb       Eng       Рус    

EMAIL POCHTA

“5 tashabbus Markazi” to‘g‘risida nizom

Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutida tashkil etilgan “5 tashabbus Markazi” to‘g‘risida

 

NIZOM

Umumiy qoidalar

Mazkur Nizom Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti (matnda – institut deb yoziladi)da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusi (matnda 5 tashabbus deb yoziladi)ni amalga oshirish va uning faoliyat olib borish tartibini belgilaydi.

5 tashabbus Markazi (matnda Markaz deb yoziladi) “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat Dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tegishli buyruqlari hamda institutning Ustaviga tayangan holda faoliyat yuritadi.

Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

Tashabbus – ijtimoiy-ma’rifiy hayotning biron bir yo‘nalishida foydali ish-faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha ilgari surilgan muhim g‘oya yoki taklif.

5 muhim tashabbus – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan ulug‘vor g‘oya. Bular: 1-tashabbus - yoshlarning musiqa, adabiyot, rassomlik, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, iste’dodini yuzaga chiqarish. 2-tashabbus - yoshlarni jismoniy chinniqtirish, ularni sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish. 3-tashabbus - aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish. 4-tashabbus - yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish. 5-tashabbus - hotin-qizlarni ish bilan ta’minlash

Markaz – talabalarni yuksak ma’naviyatli shaxs qilib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali tashkil etish hamda 5 tashabbus g‘oyasi va ahamiyatini jamoatchilik orasida keng targ‘ib qilish va amalga oshirishga ko‘maklashuvchi tizim.

Koordinator –tegishliligi bo‘yicha 5 ta tashabbusning biriga mas’ul bo‘lgan va shu doirada amalga oshiriladigan ishlarni nazoratini muvofiqlashtiruvchi.

Bo‘sh vaqt – talabalarning dars mashg‘ulotlaridan keyingi faoliyatini mazmunli tashkil etishga yo‘naltirilgan vaqt.

Tanlov – talabalar o‘rtasida fan, madaniyat, san’at, adabiyot, sport hamda informatsion texnologiyalar sohasi bo‘yicha iqtidorini namoyish qilish maqsadida o‘tkaziladigan ma’rifiy tadbir.

Platforma – 5 tashabbus doirasidagi muayyan ijtimoiy-ma’naviy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun belgilangan mahsus makon.

II. Markazning maqsadi, vazifalari

Markazning maqsadi – institutda ta’lim-tarbiya jarayonini yanada rivojlantirish, talabalarni Prezidentning 5 muhim tashabbusi asosida ilg‘or g‘oyalarga safarbar qilish, ularning bo‘sh vaqtini mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqqan holda mazmunli o‘tkazish, ma’naviy yuksalish hamda milliy taraqqiyotning ta’limiy asoslarini amaliyotga joriy etishdan iborat.

Markazning vazifalari:

yoshlarni musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish hamda iste’dodlarini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish;

– yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish;

– yoshlarga kompyuter texnologiyalaridan, internetdan samarali foydalanish madaniyatini o‘rgatishga qaratilgan ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;

– talabalar o‘rtasida mutolaa va kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni muvofiqlashtirish;

talaba-qizlar o‘rtasida mehnatsevarlik fazilatini rivojlantirish, ularni mutaxassislik doirasida foydali mehnat bilan shug‘ullanishlariga ko‘maklashish hamda qo‘shimcha kasb egallashlari yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish.

Markazga qonun hujjatlariga muvofiq 5 tashabbusni yanada rivojlantirish bo‘yicha boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkin.

III. Markazning tarkibiy tuzilmasi

Markaz rahbari (1 nafar o‘qituvchi).

Markaz rahbari o‘rinbosari (1 nafar talaba).

Markaz kotibi (1 nafar talaba)

Koordinatsion Kengash (3 nafar o‘qituvchi, 6 nafar talaba).

Koordinatorlar (5 nafar talaba).

Ko‘maklashuvchi a’zolar (3 nafar o‘qituvchi, 4 nafar talaba).

Markaz rahbari, Koordinatsion Kengash a’zolari, Koordinatorlar va Ko‘maklashuvchi a’zolar jamoatchilik asosida faoliyat olib boradi.

Markaz rahbariga faoliyatining samaradorligi va natijadorligiga qarab o‘rnatilgan tartibda ustama xaq belgilanadi.

Markazda muhokama qilinadigan masalalarning mazmunidan kelib chiqib, yig‘ilishga Chirchiq shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa tashkilotlar vakillari taklif qilinishi mumkin.


Markaz rahbari va Koordinatorlarni saralash va tayinlash

Markaz rahbari lavozimiga institutning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori tomonidan bir o‘quv yili davomida ma’naviy-ma’rifiy va jamoat ishlarida faol ishtirok etgan va yoshlarga har tomonlama namuna bo‘la oladigan o‘qituvchi tayinlanadi.

Koordinatsion Kengash tarkibi fakultet dekanlari tomonidan tavsiya etilganlar asosida shakllanadi.

Koordinatorlar nomzodi 5 tashabbusdagi yo‘nalishlarga mos kafedra mudiri tomonidan institut O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Boshlang‘ich tashkiloti yetakchisiga tavsiya etiladi.

Ko‘maklashuvchi a’zolar tarkibiga o‘qituvchilar institut Murabbiylar Kengashi raisi, talabalardan institut O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi tomonidan tavsiya etilganlar kiritiladi.

Markaz faoliyatini tashkil qilish

Markaz institutning Yoshlar bilan ishlar bo‘yicha prorektori tuzilmasida faoliyat olib boradi va nazorat qilinadi.

Markaz rahbari o‘z vazifasini bajara olmaydigan (kasal bo‘lgan, xizmat safariga ketgan va hokazo) holatlarda uning vazifalari Markaz rahbari o‘rinbosari tomonidan amalga oshiriladi. 

Markaz faoliyatini Koordinatorlarning taklif va tavsiyalariga asosan ishlab chiqilgan yillik Ish rejaga ko‘ra tashkil etadi. Ish reja institutning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori tomonidan tasdiqlanadi.

Markaz har oyda bir marta kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazadi. Yig‘ilishga institutning Ma’naviyat-ma’rifat va yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, Iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, dekanning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, Hotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Murabbiylar Kengashi raisi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi institut yetakchisi, Sport klubi rahbari va tegishliligi bo‘yicha boshqa shaxslar taklif qilinadi.

Zaruratga ko‘ra, navbatdan tashqari yig‘ilishlar o‘tkazilishi mumkin.

 

Markaz tarkibiy tuzilmasidagi lavozim vazifalari

Markaz rahbari – Markazning umumiy faoliyatiga rahbarlik qiladi. Markaz yillik ish rejasining bajarilishini nazorat qilib boradi. Har oyda bir marta o‘tkaziladigan kengaytirilgan yig‘ilishni tashkil etadi. 5 tashabbus doirasida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha koordinatorlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tavsiyalarni umumlashtiradi.

Markaz rahbari o‘rinbosari – Markaz yillik Ish rejasining bajarilish holati bo‘yicha umumiy hisobotlarni tayyorlaydi. Markaz rahbari o‘z vazifasini bajara olmaydigan (kasal bo‘lgan, xizmat safariga ketgan va hokazo) holatlarda uning vazifasini vaqtinchalik bajarib turadi.

Markaz kotibi – Markazning faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni sifatli yuritadi. Ko‘rsatmalarni tegishli yig‘ma jildlarga tartibli joylashtiradi. Yig‘ilish o‘tkazilishidan 3 kun avval Markaz tuzilmasidagi shaxslarga xabarnoma yuboradi, ularning ishtirokini Qaydnoma asosida nazoratini ta’minlaydi. Markaz faoliyati yuzasidan berilgan topshiriq va ko‘rsatmalarni Markaz tuzilmasidagilarga yetkazadi.

Koordinatsion Kengash –  Markazning faoliyatiga doir asosiy masalalarni hal qilishda ishtirok etadi. 5 tashabbus doirasida yangi tadbirlar, loyihalar tashkil etish va uni o‘tkazish bo‘yicha tavsiya va maslahatlar, hal qiluvchi qarorlar beradi.   

Koordinatorlar – talabalarning 5 tashabbus bo‘yicha fikrlarini, taklif va tavsiyalarini o‘rganadi, ularni umumlashtirib har oydagi Kengash yig‘ilishi kun tartibiga masala sifatida kiritadi. Tadbirlar, loyihalar, startaplarni tashkil etish va uni o‘tkazish hamda boshqarishda yaqin ko‘makchi sifatida faoliyat yuritadi. Kordinator 5 tashabbusdan biriga tegishli bo‘lgan platformada tadbirlarni tashkil etadi, boshqaradi va nazorat qiladi

Ko‘maklashuvchi a’zo – 5 tashabbus doirasida tashkil etiladigan tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar, bahs-munozaralar, debatlarda ishtirok etishga talabalar orasidan munosib nomzodlarni izlab topishga ko‘maklashadi, ularni ma’naviy qo‘llab-quvvatlaydi.  

 

VI. Markazning huquq va majburiyatlari

Markaz quyidagi huquqlarga ega:

5 tashabbus doirasida o‘tkaziladigan barcha ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy tadbirlarni tashkil etadi, o‘tkazadi, nazorat qiladi;

innovator, yangilikka intiluvchan, tashabbuskor va jamoatchi talabalarning nomzodini institut rahbariyatiga ma’naviy qo‘llab-quvvatlash uchun tavsiya etadi;

institut rahbariyatiga ijodkor talabalarning ishlanmalarini nashr qilish, asarlarining ko‘rgazmasini tashkil qilish bo‘yicha taklif kiritadi;

elektron tijorat va dasturlashni bepul o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish, axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish bo‘yicha startap loyihalarga yordam ko‘rsatadi;

mahalliy hokimliklar bilan birgalikda yoshlarning sport turlariga qiziqishi hamda sport inshootlarining jihozlanish darajasini o‘rganadi va ularni harid qilish bo‘yicha amaliy takliflarni taqdim etadi;

institutda “Tashabbusga xayrixoh talaba” tanlovini o‘tkazadi va g‘olibni rag‘batlantirishga tavsiya etadi.

tashabbus doirasidagi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda faollik ko‘rsatgan shaxsning tahsil olgan (olayotgan) ta’lim muassasasi rahbariyati, yashayotgan mahalla fuqarolar yig‘iniga, fakultet dekani nomiga minnatdorchilik xatini yo‘llaydi.

faol talabalarni institutda tashkil etiladigan respublikamiz hududlari bo‘ylab turistik sayohatga, madaniy dam olish maskanlariga yuborish uchun tavsiya etadi.

fakultetlar qoshida badiiy-havaskorlik jamoalari, teatr-studiyalari va “Yoshlar klubi”ni tashkillashtiradi va ularning faoliyatini nazorat qiladi;

Markaz qoshida tashkil etilgan to‘garaklarning ish samaradorligi va natijadorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy va tashkiliy jihatdan yordam berish bo‘yicha xat va takliflar kiritadi;

hamkorlikda olimlar va san’atkorlar bilan ilmiy, ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlarini tashkil qiladi.

Markaz quyidagi majburiyatlarga ega:

5 tashabbusning yo‘nalishlarini rivojlantirish, targ‘ib qilish va ommalashtirish bilan bog‘liq barcha faoliyatni tartibga soladi, muvofiqlashtiradi.

5 tashabbus doirasida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha topshiriq va ko‘rsatmalarning to‘liq va sifatli ijrosini ta’minlaydi. Ijroning umumiy nazorati Markaz rahbari tomonidan amalga oshiriladi.

har chorakda institut kengashiga amalga oshirgan ishlar yuzasidan Hisobot taqdim etadi.

Markaz faoliyatini samarali tashkil qilishning turli shakl va uslublarini muhokama qiladi va amaliyotga tatbiq etadi.

5 tashabbus yo‘nalishlari bo‘yicha Dastur, Yo‘l haritasi, Ish reja ishlab chiqadi.

Markaz qonun hujjatlariga hamda o‘z vazifalariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.


Markazning moddiy-texnik bazasi

Markaz o‘z faoliyatini samarali amalga oshirishi uchun quyidagi moddiy jihozlar bilan ta’minlanadi:

Xona.

Konferensstol.

Stullar.

Kompyuter jamlanmasi.

Printer, kseroks, skayner apparati.

Videoproektor.

Ekran.

Flipchart doska

Televizor.


Markaz o‘tkazadigan ma’naviy-ma’rifiy loyiha, tanlov va aksiyalar.

“1 oyda 10 kitob – 1 yilda 100 kitob bilan do‘stlashdim” mega loyihasi.

Gimnastrada musobaqalari.

“Tashabbusga xayrixoh talaba” tanlovi.

“Tafakkur o‘yinlari” intellektual tanlovi;

“Jahon va o‘zbek adabiyoti klassik asarlari bilimdoni” intellektual tanlovi.

“STEAM” intellektual klubi.

“Biznes student ledi” innovatsion tanlovi.

“Tadbirkorlik faoliyati maktabi” treninglari.

“Qizlarjon” ma’naviyat-ma’rifat klubi;

“Har bir xonadonga kitob va ma’rifat bilan” targ‘ibot aksiyasi.

“IT Park” intellektual loyihasi.

“Mehr-muruvvat ulashaylik” targ‘ibot aksiyasi;

“Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” ma’rifiy aksiyasi;

“Institutni ma’naviyat o‘chog‘iga aylantirishga qo‘shgan hissam” ma’rifiy targ‘ibot aksiyasi.

 

IX. Markaz hujjatlari

Markaz faoliyatiga oid quyidagi hujjatlarning yig‘ma jildi bo‘lishi kerak:

“5 tashabbus Markazi” to‘g‘risida Nizom.

Ish reja. Yo‘l haritasi.

Bayonnomalar.

Murojaatlar. Takliflar.

Ma’lumotlar. Hisobotlar.

Yig‘ilish bayonnomalari, hisobotlar va ma’lumotlar uch yil mobaynida saqlanadi hamda tegishli arxivga topshiriladi.

Hujjatlarni sifatli va tartibli rasmiylashtirish va saqlashga Markaz kotibi javobgar hisoblanadi.

 

X. Yakuniy qoidalar

Markazni tugatish, tarkibiga o‘zgartirish kiritish yoki qayta tuzish vakolati institut rektoriga beriladi. Bunda institutning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori tavsiyasi asos sifatida olinadi.

Nizomdan barcha fakultetlar foydalanishi mumkin.

Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish institut Ustavida belgilangan tartib va qoidalar asosida amalga oshiriladi.

Nizomning amal qilish muddati chegaralanmagan.

Nizomda belgilangan vazifalarning ijrosiga loqaydlik va mas’uliyatsizlik bilan yondashganlarga nisbatan institut Ustavida belgilangan ma’muriy choralar ko‘riladi.

Ushbu Nizom Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining 2019 yil 28 iyundagi Kengashida muhokama qilingan va tasdiqlangan (Bayonnoma №14).

Qo'shimcha

“5 tashabbus Markazi” to‘g‘risida nizomga tegishli boshqa ma'lumotlar